Jamiyat

Surxondaryoda ayol eri tomonidan ayovsiz kaltaklandi

Published

on


Ayol 6 yildan buyon doimiy tazyiq ostida yashab kelgani aytilmoqda.

«Nemolchi.uz» loyihasi Surxondaryo viloyati Termiz shahrida er o‘z xotinini ayovsiz kaltaklagani, «jabrlanuvchining yuzida sog‘ joy qolmagani» haqida xabar berdi.

Voqea haqida jabrlanuvchining opasi instagramda xabar bergan.

Jabrlanuvchi olti yil oldin turmush qurgani, o‘tgan vaqt ichida turmush o‘rtog‘ining tahqir va kaltaklariga chidab kelgani, 16 avgust kungi kaltaklanishi so‘nggi tomchi bo‘lgani aytiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol eri uxlab qolguncha kutib, tong saharda kichik yoshdagi farzandi bilan uydan qochib ketgan. Postda e’lon qilingan kuzatuv kameralaridan olingan videoda ayolning uydan deyarli hech narsasiz, qo‘lida faqat bolasini ko‘tarib chiqqanini ko‘rish mumkin.

«Tanishlari va shunchaki befarq bo‘lmagan insonlar tomonidan post ko‘plab marta repost qilingach, jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i o‘zini oqlashga urinib, “uni kaltaklashiga sabablar borligi”ni va “agar u shafqatsiz bo‘lganida, uni tirik qoldirmagan bo‘lishi”ni aytdi. Shuningdek, u postni tarqatganlar va izohlarda “bilmasdan uning nozik shaxsiyati”ga tegib qo‘yganlarga nisbatan jazolash bilan tahdid qilishdan tonmadi», deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB izoh berdi.

Qayd etilishicha, 15 avgustdan 16 avgustga o‘tar kechasi, tungi soat 02:30 larda Termiz shahrining Mehrabod mahallasida yashovchi fuqaro T.E. hamda uning turmush o‘rtog‘i J.E. o‘rtasida kelib chiqqan oilaviy nizo oqibatida T.E. turmush o‘rtog‘ining yuz-chakka va quloq sohasiga urib jarohat yetkazgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Termiz shahar IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanadi.

«Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan ayol turmush o‘rtog‘ining doimiy tazyiq yoki zo‘ravonligi ostida bo‘lib kelgani vaji ilgari jabrlanuvchi IIOga xabar bermaganini inobatga olgan holda, alohida o‘rganilmoqda», – deyiladi xabarda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version