Iqtisodiyot
Surxondaryoda 940 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etiladi
O‘zbekistonda aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida yangi qaror qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualari tashkil etiladi.
Qarorda 2026–2027-yillarda issiqxonalar faoliyatini rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari belgilab berilgan. Unga muvofiq, energiya tejamkor va muqobil manbalarga asoslangan isitish tizimlari ulushi kamida 50 foizga yetkaziladi.
Shu bilan birga, atmosfera havosiga zararli tashlamalar chiqarayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini bosqichma-bosqich qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, Sherobod tumanida «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. Bu hududda issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mazkur zonada faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga qator imtiyozlar beriladi. Jumladan, yer uchastkalari elektron auksion orqali ijaraga berilganda 5 yil davomida ijara to‘lovining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Shuningdek, issiqxonalarda ishlatiladigan oqova va yerosti suvlari uchun 3 yil muddatga to‘lovlar bekor qilinadi. Anomal sovuq ob-havo sharoitlarida tadbirkorlarga ekologik talablarga rioya qilgan holda ko‘mirdan foydalanishga ruxsat beriladi.