Sport

Superligadagi legionerlarning 95 foizi mahalliy futbolchilardan kam maosh oladi – Diyor Imomxo‘jayev

Published

on


Bu yil Superliga klublariga 6 nafar legionerni ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berildi. PFL rahbarining qayd etishicha, mahalliy futbolchilarning narxi sun’iy oshmasligi va balans ushlanishi uchun ham bu limit kerak.

O‘zbekiston Professional futbol ligasi (PFL) bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev Superliga klublariga nega 6 nafar legioner futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilganini tushuntirdi.

PFL rahbarining qayd etishicha, hozirgi paytda legionerlar o‘zbekistonlik mahalliy o‘yinchilardan ko‘ra kamroq maosh olmoqda.

«Legionerlar masalasida O‘FA boshqacha fikrda, PFL boshqacha fikrda. Vaholanki, futbol klublari legionerlar limiti ko‘proq bo‘lishi tarafdori. Ba’zi odamlar bor, legionerlar yo‘q bo‘lib ketsa, futbolchilarimiz zo‘r bo‘lib ketadi deb o‘ylaydi. Bu esa xato fikr. Buni vatanparvar odam sifatida ayta olaman. Faqat o‘zimizdagi futbolchilar darajasidan zo‘r bo‘lib, zo‘rman deyish noto‘g‘ri. Futbolchilarimiz Serbiyadan, Gruziyadan yoki boshqa mamlakatdan kelayotgan legionerlardan zo‘r ekanini ichki chempionatda ko‘rsata olish kerak. Yana bir jihati – narx. O‘n yillar oldin legionerlarga katta maosh to‘langan va ko‘p illatlar shular ishtirokida bo‘lgan. Kimdir shu fikrda qolib ketgan. Liga hozir barcha shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkaza oladi va shuni sizga ayta olamanki, legionerlarning 95 foizi o‘zbekistonlik mahalliy futbolchilardan kam maosh oladi. Ya’ni, mahalliy futbolchilarning narxi sun’iy oshmasligi va balans ushlanishi uchun ham bu limit bizga kerak. Kimgadir buni tushuntira olmayotgan bo‘lsak, bu limit kamayishi mumkin», dedi Imomxo‘jayev.

Ma’lumot uchun, 2026 yildan Superliga klublari PFL qaydnomasiga 6 nafar legionerni ro‘yxatdan o‘tkazib, bir vaqtning o‘zida 5 nafarini maydonga tushirishiga ruxsat beriladi.

Transfer oynasi yopilganidan so‘ng e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil Superligada 83 nafar legioner ro‘yxatdan o‘tkazildi. Eng ko‘p legioner Serbiya va Gurjistondan – 13 tadan. Keyingi o‘rinlarda Nigeriya (7), Braziliya, Shimoliy Makedoniya va Rossiya – 5 tadan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version