Sport
Superligada hakamlik mojarosi. PFL hakamlar markazidan VAR yozuvini so‘radi
«Qo‘qon-1912» – «Nasaf» o‘yinida yuzaga kelgan bahsli holatdan keyin o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilishda PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev VAR tizimi o‘yinlarda adolatli qaror chiqarishga ko‘maklashish o‘rniga, ayrimlarning manfaatlariga xizmat qilayotgandek taassurot uyg‘otayotganini qayd etdi. Liga futbol hakamlari markazi (O‘zFHM)dan VAR bilan bog‘liq audioyozuvlarni berishni talab qildi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida navbatdagi hakamlik mojarosi avj olmoqda. O‘zPFL ijroiya qo‘mitasi navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazib, O‘FA prezidenti Ravshan Ermatovga tegishli holatlar yuzasidan rasman shikoyat kiritishga qaror qildi.
O‘zi nima bo‘ldi?
8 aprel kuni O‘zbekiston chempionatining 6-turi doirasida «Nasaf» Qo‘qonda mezbonlarga qarshi maydonga tushib, o‘yin oxirlarida penaltidan o‘tkazib yuborilgan gol tufayli g‘alabani qo‘ldan chiqardi (1:1).
78-daqiqada ro‘y bergan epizodda «Qo‘qon-1912» klubi hujumchisi Silvanus Nimeli raqib jarima maydoni ichida darvozabon Abduvohid Ne’matov bilan kontaktdan keyin yiqilgan.
O‘yinni boshqargan Rustam Lutfullin bu holatda qoida buzilmagan deb hisoblagan va to‘pni mehmonlar o‘yinga kiritishi kerakligini ko‘rsatgan. Ammo shundan keyin vaziyatga VAR xonasida o‘tirgan videohakam Ibrohim Ismoilov aralashgan va bosh hakam monitor qarshisiga borib, uzoq cho‘zilgan tekshiruvdan keyin qarorini o‘zgartirgan hamda 11 metrlik nuqtani ko‘rsatgan.
Holbuki bu vaziyat videosida Ne’matov to‘pga birinchi bo‘lib ulgurgani va uning yo‘nalishini o‘zgartirgani, shundan keyingina qo‘qonliklar hujumchisi unga kelib urilganini ko‘rish mumkin.
«Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev hamda jamoa futbolchilari bu qarordan norozi bo‘lib, hakamga keskin ohangda e’tiroz bildirishgan, natijada Berdiyevga qizil kartochka ko‘rsatilgan.
U esa jamoasini maydondan olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan va o‘yin ma’lum vaqt to‘xtab qolgan.
O‘yin davom ettirilgach, belgilangan penaltini Toma Tabatadze aniq ijro etdi va hisobni tenglashtiradi. Qarshiliklar jamoasi esa ochko yo‘qotish tufayli turnir jadvalida 6-o‘ringa tushib ketdi.
O‘yindan keyin O‘FA qoshidagi Ekspert hakamlar guruhi bahsli vaziyat yuzasidan xulosa berib, VAR hakami tomonidan ushbu vaziyatga aralashuvni, shuningdek, bosh hakam Rustam Lutfullin tomonidan penalti belgilash qarorini xato deb topdi.
Jurnalist Olimxo‘ja Bo‘ronov o‘z-telegram kanalida agar hakamlar ochiqchasiga «Nasaf»dan 2 ochkoni tortib olgani isbotlansa, bahsli vaziyatda hakamga o‘z e’tirozi bildirishi ortidan sariq kartochka olgan Umarbek Eshmurodov va G‘olib G‘aybullayev hamda qizil kartochka olgan Ro‘ziqul Berdiyevdan mazkur intizomiy choralarni bekor qilish kerakligini ta’kidladi.
«Shunda kichik bo‘lsa-da adolat tiklanadi. Axir «Nasaf»ga 2 ochkoni qaytarib berishning endi imkoni yo‘q», – deydi u.
PFLda shoshilinch yig‘ilish
9 aprel kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mitaning 9 nafar a’zosidan 8 nafari ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibiga Superliga hakamlari tomonidan qabul qilinayotgan bahsli qarorlar, futbol jamoatchiligining bunga munosabati hamda VAR tizimi bilan bog‘liq tushunarsiz holatlar kiritilgan.
Diyor Imomxo‘jayev
Yig‘ilishni ochib bergan Liga bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev so‘nggi vaqtlarda qator shubhalarni keltirib chiqargan holatlarni qayd etgan. Jumladan, 2025 yilgi O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi va 2026 yilgi O‘zbekiston Superkubogi o‘yiniga Liga tomonidan katta tayyorgarlik ko‘rilgan va tashkilotchilik yuqori saviyada bo‘lsa-da, oxir-oqibat bu o‘yinlar hakamlik mojarolari bilan yodda qolgani ta’kidlangan.
PFL bosh direktori VAR tizimi o‘yinlarda adolatli qaror chiqarishga ko‘maklashish o‘rniga, shubhali manfaatlarga xizmat qilayotgandek taassurot uyg‘otayotganini qayd etgan.
«Biz bilgan va ishonayotgan VAR tizimi murakkab hisoblangan hakamlik faoliyatiga yordam berish, bahsli holatlarni ochib berish va ularni qayta talqin qilish hamda odilona qaror qabul qilishda hakamlarga ko‘makchi bo‘lishi lozim. Ilgari VAR 4 dona kamera yordamida ishlayotgani, mazkur masala takroriy lavhalarni qayta ko‘rib chiqishda hakamlarga qiyinchilik tug‘dirayotgani ma’lum edi.
Liga mazkur yo‘nalishda ish olib borib, o‘tgan mavsum o‘zining ilk ko‘chma televizion stansiyasini xarid qildi va uni vodiydagi futbol uchrashuvlariga jalb qildi. Endilikda, vodiyda o‘tayotgan o‘yinlar nafaqat teletomoshabinlar talab va istaklaridan kelib chiqqan holda suratga tushirilmoqda, balki turli rakurslardan berilayotgan sifatli takroriy lavhalar bilan hakamlarga ham katta ko‘makchi bo‘lmoqda.
Shunga qaramay, VAR aralashgan holatlardan keyin ham hakamlarning shubhali qarorlari to‘xtayotgani yo‘q. Liga nazdida VAR odilona qaror chiqarish uchun ko‘maklashishdan ko‘ra, kimlarningdir manfaati uchun xizmat qilayotgan mashinaga aylanib qolayotgandek.
Biz bu kabi masalalarga yo qarshi turishimiz yoki bu kabi holatlar davomiy bo‘lishiga ko‘nikishimiz kerak. Mamlakatimiz rahbari futbolni rivojlantirishga bosh-qosh bo‘layotgan, O‘FA prezidenti unda shaffoflik va adolat bo‘lishi lozimligini bir necha bor ta’kidlayotgan vaqtda Liga va klublar bu siyosatni qo‘llashimiz, futboldagi illatlarga beparvolik bilan emas, o‘z pozitsiyamiz bilan javob berishimiz shart», – deydi Diyor Imomxo‘jayev.
Qayd etilishicha, PFL va hakamlar markazi o‘rtasidagi shartnomaning 3.1-bandida musobaqalarda faoliyat olib borayotgan hakamlar jamoasining shu musobaqa doirasidagi o‘zaro hamda klub rasmiylari bilan maxsus texnikalar va VAR uchun yozib olingan audioyozuvlarni talab qilish Liga huquqi sifatida belgilangan.
«Qo‘qon-1912» — «Nasaf» uchrashuvida yuzaga kelgan bahsli holatdan keyin Liga O‘zFHMdan VAR bilan bog‘liq audioyozuvlarni talab qilgan, lekin markaz turli bahonalar bilan mazkur jarayonni paysalga solgan va bu bilan shubhalarni oshirgan. Shundan kelib chiqib, Liga O‘FA prezidentiga mazkur holatlar bo‘yicha rasman shikoyat kiritishga qaror qilgan.
«Bizni ajablantirgan jihat shundaki, «Qo‘qon-1912» – «Nasaf» uchrashuvining 78-daqiqasida ro‘y bergan holatni bosh hakam Rustam Lutfullin dastlab to‘g‘ri baholab, o‘yinni davom ettirdi. Keyinchalik VAR hakami Ibrohim Ismoilov vaziyatni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif kiritdi.
Yakunda hakam o‘z qarorini o‘zgartirdi. Biroq o‘sha kunning o‘zida Ekspert hakamlar guruhi holatga zudlik bilan reaksiya bildirib, VAR bu kabi holat uchun bosh hakamni chaqirib adashgani, shuningdek, holat bo‘yicha bosh hakam xato qaror qabul qilganligini qayd etdi», – deya so‘zida davom etdi Liga rahbari.
Superliganing o‘tgan mavsumi 15-turidan o‘rin olgan «Dinamo» — «Nasaf» uchrashuvida ham bahsli holat ro‘y berib, o‘shanda ham Rustam Lutfullin «Nasaf» darvozasiga shubhali penalti belgilagani eslatib o‘tilgan.
Ijroqo‘m a’zolari O‘zFHM bilan o‘zaro shartnomaning 3.1-bandi asosida Rustam Lutfullin va Ibrohim Ismoilovni mavsum so‘ngiga qadar Superliga, Proliga, O‘zbekiston kubogi kabi musobaqalardan chetlashtirish bo‘yicha O‘zFHMga rasmiy so‘rov kiritish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Shuningdek, ushbu hakamlarning mavjud xalqaro toifaga munosib ekanini o‘rganish masalasida O‘FA prezidentiga murojaat kiritiladi.
Bundan tashqari, murojaatda O‘zFHM Liganing qonuniy talabini nima sababdan bajarmayotgani, shuningdek, VAR texnikasi va VAR markazining faoliyatida shaffoflikni yanada oshirish uchun undagi barcha jarayonlar konfidensiallikni ta’minlash hamda VAR protokoli shartlariga to‘liq rioya etilishi shartida yanada jiddiyroq nazorat qilinishi lozimligi ta’kidlangan.
«Liga mamlakatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan bunyod etilgan Milliy futbol markazi va unda tashkil etilgan zamonaviy VAR markazi mamlakat futbolini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam ekanini e’tirof etadi. Ishonamizki, Liga Ijroiya qo‘mitasi tomonidan hakamlik borasida bildirilgan e’tirozlar O‘zFHM tomonidan tanqidiy ruhda o‘rganib chiqiladi», – deyiladi xabarda.
O‘zFHM munosabati
O‘zFHM matbuot xizmati esa FIFA hamda IFAB talablariga muvofiq, VAR jarayoniga oid ichki audioyozuvlarni uchinchi tomonlarga taqdim etish taqiqlanishini ma’lum qildi.
«Superliga 6-turi doirasida o‘tkazilgan «Qo‘qon-1912» — «Nasaf» uchrashuvida yuzaga kelgan bahsli vaziyat yuzasidan Ekspert hakamlar guruhi tomonidan tegishli xulosa e’lon qilingandi.
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi (O‘zFHM) futbolning yaxlitligi va halolligini ta’minlash yo‘lida tegishli tashkilotlar bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib boradi. Shu bilan birga, markaz ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga amal qilgan holda, har bir tur yakuniga ko‘ra bahsli vaziyatlar bo‘yicha muntazam ravishda xulosalar berib boradi.
Amaldagi FIFA hamda IFAB talablari va reglamentlariga muvofiq, VAR jarayoniga oid ichki audioyozuvlar (hakamlar o‘rtasidagi muloqotlar)ni uchinchi tomonlarga taqdim etish taqiqlanadi. Ushbu materiallar hakamlik faoliyatiga oid ichki xizmat hujjatlari sifatida foydalaniladi.
Shu bilan birga, ochiqlik tamoyillaridan kelib chiqib, ushbu vaziyatni O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda «Nasaf» futbol klubi vakillari ishtirokida O‘zFHMda ko‘rib chiqish imkoniyati mavjud. Ushbu jarayondagi epizod barcha texnik materiallar asosida birgalikda tahlil qilish va tushintirib berish imkoniyati mavjud.
O‘zFHM tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etiladigan maxsus seminarlar davomida ham o‘yinlardagi turli vaziyatlar muntazam tahlil qilib borilmoqda. Shuningdek, «Qo‘qon-1912» – «Nasaf» uchrashuvidagi mazkur epizod ham OAV vakillari bilan birgalikda tahlil qilinadigan navbatdagi debrifing yig‘ilishi rejasiga kiritilgan», – deyiladi xabarda.