Sport

Superligada chempionlik poygasi. So‘nggi turlar oldidan qanday intrigalar bor?

Published

on


«Neftchi» uzoq kutilgan chempionlikni rasmiylashtiradimi? «Nasaf», «Paxtakor» va «Dinamo»da imkoniyat qanday? Uchta jamoada ochkolar soni teng kelib qolsa, medallar kimga nasib etadi?

O‘zbekiston Superligasida navbatdagi mavsum yakuniga yetib bormoqda va atigi ikki tur qolganda ham birato‘la to‘rt jamoa nazariy jihatdan chempionlik imkoniyatiga ega bo‘lib turishi – jiddiy voqea. Yanada e’tiborlisi, mavsum yakunlangach, peshqadam uchta jamoaning ochkolari soni teng bo‘lib qolishi ham mumkin ekan. Bu – ichki chempionatning o‘ziga yarasha raqobatbardosh bo‘lib borayotganidan darak beradi, bunday kurashlarda toblangan futbolchilar muhimroq darajadagi turnirlarda o‘zini ko‘rsatishi va milliy jamoaga chaqiruv olishi mumkin bo‘ladi.

Quyida so‘nggi turlar oldidan chempionlik intrigalari haqida so‘z yuritiladi va jamoalarning imkoniyatlari chamalab ko‘riladi.

28 turdan keyingi turnir jadvali:

«NeFTChI»

Tabiiyki, ayni paytda eng ko‘p ochko to‘plab turgan, chempionlik masalasi faqat o‘z qo‘lida bo‘lgan yagona jamoa – «Neftchi». Farg‘onaliklar 2001 yilgi mavsumdan beri, ya’ni 24 yillik tanaffusdan so‘ng o‘z tarixida oltinchi bor mamlakat chempioniga aylanishga yaqin turibdi. Qizig‘i, shu eslangan mavsumda ham keyingi o‘rinlarni «Paxtakor» va «Nasaf» qo‘lga kiritgandi.

«Neftchi»ning keyingi o‘yinlari:

29-tur. «Neftchi» – «Qizilqum» (22 noyabr)

30-tur. «Xorazm» – «Neftchi» (30 noyabr)

Hozirda «Neftchi» 61 ochkoga ega va eng yaqin ta’qibchisi «Nasaf» bilan oradagi farq 3 ochkoni tashkil qilmoqda. Reglamentga ko‘ra, ochkolar teng kelib qolganda o‘zaro o‘yinlarga qaralishi e’tiborga olinsa, bu borada ustunlik farg‘onaliklarda. Birinchi davrada Qarshida o‘tgan o‘yinda hisob ochilmagan bo‘lsa, Farg‘onada mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgan. Demak, «Nasaf» yetib olmasligi uchun «Neftchi»ga yana uch ochko olish kifoya qiladi.

Keyingi o‘rinlardagi «Paxtakor» va «Dinamo» bilan esa 5 ochkolik masofa yuzaga kelgan, farg‘onaliklar yana 3 ochko olish orqali bu jamoalar uchun ham yetib bo‘lmas masofada ilgarilab ketadi. Demak, 22 noyabr kuni «Qizilqum»ga qarshi Farg‘onada o‘tadigan o‘yinda har qanday g‘alaba «Neftchi»ni mamlakat chempioniga aylantiradi. Ushbu chempionlik o‘yiniga klub fanatlari o‘ziga xos syurpriz tayyorlayotgani, chiptalar esa allaqachon sotib bo‘lingani haqida ma’lumotlar bor.

«Qizilqum»ga qarshi o‘yindagi durang ham «Neftchi»ni rasman chempionga aylantirishi mumkinmi? Ha, buning uchun bugun bo‘lib o‘tadigan «Paxtakor» – «Nasaf» o‘yinida ham durang qayd etilishi talab etiladi. Bu holatda durang ham «Neftchi»ni eng yaqin ta’qibchisidan uch uchkolik masofada saqlab qoladi. Yuqorida aytilganidek, «Nasaf» bilan ham, yetib olishi mumkin bo‘lgan boshqa jamoa «Dinamo» bilan ham «Neftchi»ning o‘zaro o‘yinlarda ustunligi bor.

Agar «Neftchi» qolgan 2 turda atigi bir ochko olsa va «Paxtakor» qolgan 2 turda 100 foizlik natija qayd etadigan bo‘lsa, o‘zaro o‘yinlarga ko‘ra (0:4, 1:2), «sherlar» oldinga chiqadi.

Xullas, qolgan ikki turda uch ochko «Neftchi»ni chempionga aylantiradi. Ma’lum shartlarda 2, hatto 1 ochko ham yetarli bo‘lishi mumkin.

«NASAF»

«Nasaf»ning keyingi o‘yinlari:

29-tur. «Paxtakor» – «Nasaf» (20 noyabr)

30-tur. «Nasaf» – «Dinamo» (29 noyabr)

Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari chempionlikni himoya qolishi uchun avvalo qolgan 2 o‘yinni o‘z foydasiga hal qilishi, shuningdek, «Neftchi» ikki o‘yinda ham g‘alaba qozona olmasligiga umid qilishi kerak bo‘ladi.

Ushbu ikki o‘yinda 4 ochko, ya’ni g‘alaba va durang ham nazariy jihatdan «Nasaf»ni chempion qilishi mumkin, lekin buning uchun «Neftchi» ikkala o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchrashi shart bo‘lib qoladi. Bunga esa ishonish qiyin.

Bugun «Paxtakor»ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyat esa qarshiliklarning chempionlik uchun imkoniyatini butunlay yo‘qqa chiqaradi. Chunki «Neftchi» bilan uch ochkolik masofa saqlanib qolsa, so‘nggi turda yetib olish imkoni bo‘lmaydi. Toshkentdagi mag‘lubiyat «Nasaf»ni 29-tur yakunlari bo‘yicha hatto 4-o‘ringa tushirib yuborishi mumkin.

«DINAMO»

«Dinamo»ning keyingi o‘yinlari:

29-tur. «Dinamo» – «Qo‘qon 1912» (21 noyabr)

30-tur. «Nasaf» – «Dinamo» (30 noyabr)

«Dinamo» to‘rt peshqadam orasida chempionlik uchun eng kam imkoniyatga ega bo‘lgan klubdir, lekin nazariy tomondan samarqandliklarda ham imkon saqlanib qolgan. «Dinamo» qolgan ikki o‘yinni o‘z foydasiga hal qiladigan bo‘lsa, ochkolari soni 62 taga yetadi. Ayni paytda «Neftchi»da 61 ochko bor. Farg‘onaliklar umuman ochko olishmasa, «Dinamo» ularni quvib o‘tadi. Ochkolar soni teng bo‘lib qolishi yana «Neftchi»ning ustunligini ta’minlaydi. Sababi, «Neftchi» «Dinamo» bilan o‘zaro o‘yinlarda ham yaxshiroq natijaga ega: har ikki o‘yinda g‘alaba qozongan (2:0 va 2:1).

Qolgan turlarda 100 foizlik natija qayd etadigan bo‘lsa, chempionlik yo‘lida «Dinamo»ga «Neftchi»dan boshqa to‘siq bo‘lmaydi. Birinchidan, ayni paytda «Paxtakor» bilan teng ochko to‘plagan bo‘lsa-da, o‘zaro o‘yinlarda ustunlikka ega (1:0, 1:1). Ikkinchidan, agar ikki o‘yinni yutadigan bo‘lsa, «Nasaf»ni ham quvib o‘tadi, chunki so‘nggi turdagi o‘yin aynan «Nasaf»ga qarshi kechadi. Demak, «Dinamo» o‘z o‘yinlarini yutsa, kamida 2-o‘rinni o‘ziniki qiladi.

«PAXTAKOR»

Toshkent jamoasi so‘nggi turlarda quyidagi raqiblarga qarshi maydonga tushadi:

29-tur. «Paxtakor» – «Nasaf» (20 noyabr)

30-tur. «Navbahor» – «Paxtakor» (29 noyabr)

«Paxtakor» bugun «Nasaf» ustidan g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, ochkolari sonini 59 taga yetkazib oladi. Poytaxt jamoasi chempion bo‘lishi uchun qolgan ikki o‘yinni ham o‘z foydasiga hal qilishi va «Neftchi» qolgan ikki o‘yinda 1 ochkodan ko‘p olmasligiga umid qilishi kerak bo‘ladi. Ikki g‘alaba bilan «Paxtakor» ochkolari sonini 62 taga yetkazadi. Ammo farq shundaki, «Paxtakor»da «Neftchi» bilan o‘zaro o‘yinlarda ustunlik bor. Yuqorida aytilganidek, «Paxtakor» har ikki o‘yinda ham «Neftchi» ustidan g‘alaba qozonishni uddalagan.

Yana bir qiziq holat. Nazariy jihatdan birato‘la uch jamoada 62 tadan ochko bo‘lib qolish ehtimoli ham bor. Agar «Paxtakor» va «Dinamo» o‘z o‘yinlarida yutsa, o‘z navbatida, «Neftchi» qolgan ikki o‘yinda atigi bir ochko oladigan bo‘lsa, mana shu uchlik teng ochko bilan uchhokimlik hosil qiladi.

Qizig‘i, «Paxtakor» «Neftchi»dan, «Nefchi» «Dinamo»dan, «Dinamo» esa «Paxtakor»dan o‘zaro o‘yinlarda ustunlikka ega. Bu qaysidir jihatdan o‘zimizning «qaychi, qog‘oz, quduq» o‘yinidagi holatni yodga solib yuboradi. U holda nima bo‘ladi?

Shunday vaziyat yuzaga kelib qolsa, mana shu uch jamoaning o‘zaro o‘yinlari bo‘yicha umumiy jadval shakllantiriladi. «Neftchi» «Paxtakor» va «Dinamo»ga qarshi o‘yinlarda jami 6 ochko olgan. «Dinamo» esa «Paxtakor» va «Neftchi»ga qarshi 4 o‘yinda 4 ochkoga ega. «Paxtakor» esa 7 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. O‘z o‘zidan uloqni «Paxtakor» olib ketadi.

O‘zbekistonning eng birinchi milliy chempionatida ham «Paxtakor» va «Neftchi»ning yakuniy ochkolari soni teng bo‘lib qolgandi. O‘shanda «Neftchi» o‘zaro o‘yinlarda toshkentliklarni ikki marta mag‘lubiyatga uchratgan, «Paxtakor»ning esa to‘plar nisbati yaxshiroq bo‘lgan. U paytlarda avvaldan kelishib qo‘yilmaganmi, reglament bunday holatlarni nazarda tutmaganmi, xullas, qo‘shchempionlik e’lon qilinib, har ikki jamoa futbolchilariga oltin medallar topshirilgandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version