Jamiyat
Subsidiya chiqarib berishni va’da qilgan menejer 96 mln so‘m bilan ushlandi
Jamiyat | 12:56
1011
1 daqiqa o‘qiladi
Sirdaryo viloyatida tadbirkorlik sub’yektlariga mikroqarzlar berish bilan shug‘ullanuvchi MChJning Guliston shahar filiali menejeri uy-joy uchun subsidiya ajratilishini “tanishlari orqali” hal qilib berishni va’da qilib, pul olgan vaqtda ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qamoqqa olindi.
Ma’lum qilinishicha, menejer hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali Oqoltin tumanida yashovchi fuqaroga imtiyozli ravishda uy-joy olishi uchun subsidiya mablag‘i ajratilishiga yordam berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgani aytilayotgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 96 million so‘mni olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.