Jamiyat
Stomatologiya xizmatlari narxi o‘tgan yilga nisbatan qancha oshdi?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil aprel oyida stomatologik xizmatlar narxi bir oy davomida o‘rtacha 0,3 foizga oshgan. O‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda esa mazkur xizmatlar 4,4 foizga qimmatlashgan.
Qayd etilishicha, narxlar o‘sishi faqat stomatologiya sohasi bilan cheklanmagan. Tibbiyotning boshqa xizmat turlarida ham qimmatlashish dinamikasi kuzatilgan. Xususan, diagnostik vizualizatsiya va tibbiy laboratoriya xizmatlari narxi aprel oyida o‘rtacha 0,6 foizga oshgan.
Shu jumladan, diagnostik vizualizatsiya va laboratoriya xizmatlari narxi 2025 yil apreliga nisbatan 7,7 foizga qimmatlashgan. Bu tibbiy xizmatlar orasida eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lgan.
Shuningdek, ko‘z uchun yordamchi mahsulotlar narxida ham o‘sish qayd etilgan. Aprel oyining o‘zida mazkur mahsulotlar 0,6 foizga qimmatlashgan. Yillik hisobda esa ko‘z uchun yordamchi vositalar narxi 3,1 foizga oshgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 5,4 trillion so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.