Iqtisodiyot
«Startaplar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yana takomillashtirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan innovatsion infratuzilma subyektlari uchun startaplarni qo‘llab-quvvatlashning qonunchilik asoslarini takomillashtirishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, soha ekspertlari hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etdi. Unda Prezidentning 2026-yil 11-fevraldagi qaroriga muvofiq, startap loyihalarini moliyalashtirish, infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash va huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish vazifasi belgilangani qayd etildi.
Shu asosda mas’ul vazirlik va idoralar hamda Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh tomonidan «Startaplar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Davra suhbatida startap subyektlarining huquqiy maqomini belgilash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay huquqiy muhit yaratishga oid takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish, startap ekotizimi ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni samarali huquqiy tartibga solish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yoshlar parlamenti a’zolari va soha ekspertlari tomonidan bildirilgan amaliy taklif va tavsiyalarni qonun loyihasini yanada takomillashtirish jarayonida inobatga olish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 33 moddadan iborat «Startaplar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ilk bor 2020-yil aprel oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.