Sport

Sport sohasida oliy ma’lumotli xodimlar ulushi 85 foizga chiqariladi

Published

on


“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida milliy terma jamoalar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va sport tizimini zamonaviy boshqaruv asosida rivojlantirish maqsadida kadrlar salohiyatini kuchaytirish choralari belgilangan. Loyihada sport sohasida oliy ma’lumotli xodimlar ulushini 85 foizga yetkazish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va elektron boshqaruv tizimlarini ommalashtirish rejalashtirilmoqda.

Strategiya loyihasiga muvofiq, milliy terma jamoalarga yuqori malakali va natijador sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish uchun sport sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari kuchaytiriladi. Shu doirada sport sohasida oliy ma’lumotli xodimlar ulushini 85 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bunda murabbiylar, metodistlar, sport menejerlari, tibbiy-reabilitatsiya mutaxassislari va boshqa yo‘nalishlardagi kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilishi ko‘zda tutiladi.

Loyihada kadrlar bilan bir qatorda sportchilar zaxirasini ham kuchaytirish ko‘rsatkichlari belgilangan: razryadli va unvonli sportchilar sonini 25 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar umumiy holda terma jamoalar raqobatbardoshligini oshirish va xalqaro maydonlarda natijalarni yaxshilashga qaratilgan.

Sohani rivojlantirishni ilmiy asoslash maqsadida sport sohasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot va izlanishlar sonini 140 taga yetkazish ham nazarda tutilgan. Bu yo‘nalish sport tayyorgarligi metodikasi, sport tibbiyoti, reabilitatsiya, sport psixologiyasi, yuklama va tiklanish jarayonlarini tahlil qilish kabi sohalarda amaliy yechimlarni shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Boshqaruv samaradorligini oshirish uchun ERP sport elektron boshqaruv tizimida nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari sonini 360 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu orqali sport infratuzilmasi, kadrlar, tadbirlar va boshqa jarayonlarni hisobga olish hamda monitoring qilish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutiladi.

Strategiya loyihasida belgilangan mazkur choralar sport sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlash, tayyorgarlik jarayonlarini zamonaviy ilm-fan va boshqaruv yondashuvlari asosida yo‘lga qo‘yish hamda milliy terma jamoalarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version