Jamiyat
Sovg‘a deb berishdi, keyin “to‘la” deyishdi
Surxondaryolik bir guruh nogironlar najot izlab Toshkentga kelishdi. Ularga bir paytlar davlatdan sovg‘a deb berilgan xonadonlar aslida kredit bo‘lgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bu insonlar kreditni qanday to‘laydi?
Kun.uz bu masalani avvalroq bir guruh boshqa qumqo‘rg‘onliklar misolida yoritgan edi. O‘shanda, 2025 yil dekabrida Unicon-Soft kompaniyasi homiy sifatida 8 kishining kreditini yopib bergan edi.
Kuni kecha murojaat bilan kelgan vatandoshlarga quloq tutamiz.
“Oilada uch nogironmiz, kreditni qanday to‘laymiz?”
Zuhra Eshmamatova: Biz Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidan kelganmiz. Xo‘jayinim birinchi guruh nogironi, uning pensiyasini olib qo‘yishyapti. Buning ortidan “davleniya” orttirib olgan. Uchta voyaga yetmagan farzandimiz bor, biri nogiron. Oilada uchta nogironmiz. Bolamning ukol-dorisini qilaymi, kommunal to‘lovlarini to‘laymi, qanday kun ko‘ramiz? Uydan chiqarib yuborsa, uchta nogiron qayerga sig‘amiz? Yordam berishlarini so‘raymiz. Ukol-dorimizdan orttira olmayapmiz.
Oyiga 1,87 million so‘m to‘lov chiqib kelgan. 14 million 800 ming mebelga ham chiqib kelgan. To‘lolmaganimiz uchun mebelimizni olib ketib qoldi. Ikkita gilamga ham mana, chiqib o‘tiribdi, gilamga ham sudga oshib ketgan. 4 million 800 mingni to‘laysan deb o‘tiribdi. Uyga to‘laylikmi, gilamga to‘laylikmi?
“Plastikdagi pullarni bir so‘m qoldirmay yechib olyapti”
Nurbek Rahmonov: Biz Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidan kelganmiz, Bog‘ora mahallasidan. Bizga ham shu 2018 yil sovg‘a deb uy berildi. Keyin “to‘la” deyishdi. O‘zim ko‘z bo‘yicha birinchi gruppaman, ayolim ikkinchi gruppada. Voyaga yetmagan ikkita farzandimiz bor. Pensiyalarimizni ham kesib ketyapti. Plastikdagi pullarni ham kesib ketyapti, bir so‘m qoldirmay.
“Sovg‘a deb berishgan edi”
Ra’no Ablametova: Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani Bog‘ora mahallasidan keldik. Bizga 2018 yil namunali uylardan sovg‘a sifatida berilgan edi. Xo‘jayinim ikkinchi guruh nogironi, qizim birinchi guruh nogironi, men ularga qarovchiman. Uch oy-besh oydan beri kredit chiqarib qo‘ydi, uni to‘lay olmayapmiz.
Bizga sovg‘a deb berilgan edi. Bir oyga 2 million 700 chiqarib qo‘yibdi. Uni qanday to‘laymiz? Biz o‘zi 1 million pensiya olsak, 500 mingini olib qoladi. Dori-darmonimizga bo‘lsinmi, produktamiz, kommunal to‘lovimizga bo‘lsinmi?
“Uyni tortib olsa, boradigan joyim yo‘q”
Gulnigor Nishonova:
— 2018 yilda nogiron turmush o‘rtog‘im Mirboboyev Ibrohimga uy berilgan edi. U 2019 yilda vafot etdi. Men uchta voyaga yetmagan farzandim bilan shu uyda qoldim, shu uyda yashab kelyapmiz. Uy uchun 2023 yilgacha to‘lov qilib kelindi, endi esa yo‘q (hokimliklar tomonidan tadbirkorlar homiy sifatida biriktirib kelingan – tahr.). 1 million 260 ming so‘m nafaqa olaman. Kechadan beri Toshkentdamiz, sarson bo‘lib yuribmiz. Vazirliklarga bordik, ular arizamizni qabul qilmadi. Uyni tortib olsa, boradigan joyim yo‘q.
“Ko‘p joylarga murojaat qildik…”
Hosiyat Normurodova:
Ikkinchi guruh nogironiman. Menga ham 2018 yilda sovg‘a tariqasida uy berilgan edi. Hamma qatori men ham shu joyga kirgan edim. Hozir qarzim 56 million bo‘lib ketgan. 178 millionlik uy berishgan. Ko‘p joylarga murojaat qildik. Viloyat hokimiga ham kirdik, u yordam qilaman deyapti, lekin homiy tashkilotlar to‘lab berolmayapti.
“Pensiya yetmayapti…”
Xushmuhammad Xo‘jaqulov:
Men Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi Bog‘ora mahallasidan keldim. Uyning kreditini to‘lolmayapmiz. Yordam bersangiz. Kelishimizning sababi shu. Buyog‘i, pensiyadan ham olinadi. Xullas, pul yetkazolmayapmiz. Pensiya ham yetmayapti. Shunga bizga ijobiy yordam beringizlar. Bir homiy biriktirdi, uch yilcha homiy to‘ladi, keyin yo‘q bo‘lib ketdi. 100 million pul – qarz.