Iqtisodiyot

Soliqdan milliardlab qarzi bor qurilish korxonalari ma’lum qilindi

Published

on


2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari soni 1 973 taga yetgan. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning jami qarzi qariyb 3 trillion so‘mni tashkil qilmoqda.

E’tiborlisi, umumiy qarzning 35,5 foizi yoki 1,1 trillion so‘mdan ortig‘i atigi 10 ta yirik korxona hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu qurilish tarmog‘ida moliyaviy intizom va soliq majburiyatlari bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Yirik qarzdorlar

Eng katta soliq qarzi «New Building Trade Servis» MChJ hisobiga to‘g‘ri kelgan. Andijonda faoliyat yurituvchi mazkur korxonaning qarzi 364,8 milliard so‘mni tashkil etgan.

Ro‘yxatning keyingi o‘rinlaridan Toshkent shahridagi «Tash Building» MChJ — 174,2 milliard so‘m va «Aziya Invest Favorit» MChJ — 138,6 milliard so‘m qarz bilan joy olgan.

Soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan korxonalar qatorida «Tash Constructions House» MChJ — 101,9 milliard, «Tamirlash Qurish Servis» MChJ — 72,5 milliard va «Stroy Montaj Invest» MChJ — 54,9 milliard so‘m qarz bilan qayd etilgan.

Shuningdek, «Agro Asia Trade Servis» MChJning qarzi 39,4 milliard, «Usta Obid Brend» MChJniki 37,3 milliard va «Grand Road Tashkent» MChJniki 37,2 milliard so‘mni tashkil qilgan.

Top-10 ro‘yxatini «Centris Ro77» MChJ yakunlagan bo‘lib, kompaniyaning soliq qarzi 31,9 milliard so‘mga yetgan.

Hududlar kesimida

Soliq qarzdorligi bo‘yicha Toshkent shahri respublikada birinchi o‘rinni egallagan. Poytaxtdagi qurilish korxonalarining jami qarzi 958,3 milliard so‘mga yetgan.

Ikkinchi o‘rinda Andijon viloyati qayd etilgan bo‘lib, hududdagi qurilish kompaniyalarining qarzi 666,1 milliard so‘mni tashkil qilgan. Uchinchi pog‘onadan esa 225,5 milliard so‘m bilan Toshkent viloyati joy olgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatida 185,7 milliard, Qashqadaryo viloyatida 119,1 milliard va Sirdaryo viloyatida 100,9 milliard so‘m soliq qarzi qayd etilgan.

Eng kam qarzdorlik ko‘rsatkichlari esa Xorazm viloyati — 62,5 milliard, Namangan viloyati — 64 milliard va Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 66,3 milliard so‘mni tashkil etgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version