Iqtisodiyot
Soliq va tadbirkorlik sohasidagi qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi
“Soliq va tadbirkorlik sohasidagi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, mazkur sohada muhim o‘zgartishlar amalga oshirildi.
Xususan, Jinoyat kodeksining 179-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, soxta tadbirkorlik uchun jarima, muayyan huquqlardan mahrum qilish va ozodlikdan mahrum qilish kabi sanksiyalar nazarda tutilmoqda.
Endilikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadini ko‘zlamasdan ssudalar, kreditlar olish, foydani (daromadni) soliqlardan ozod qilish (soliqlarni kamaytirish) yoki boshqacha mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida tadbirkorlik sub’yektini tashkil etish BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, 184-modda (soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) – jinoyat tarkibi aniqlashtirilib, jarima, majburiy to‘lovlarni undirish va ozodlikdan mahrum qilish choralari qayta belgilandi, ilk huquqbuzarlikda zarar to‘liq qoplansa, javobgarlikdan ozod etish tartibi saqlab qolindi, jinoyat ishlarida jamoat himoyachisi ishtiroki ta’minlandi.
Qonun rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.