Jamiyat
Soliq qo‘mitasi bank kartalariga pul o‘tkazmalari tekshirilishiga munosabat bildirdi
Avvalroq soliq organlari ayrim bank kartalariga kelib tushgan mablag‘larni tekshirishi haqida xabar berilgan edi.
Soliq qo‘mitasi bank siri va P2P-o‘tkazmalari monitoringi masalalari bo‘yicha Markaziy bankning pozitsiyasiga munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, banklar bilan har qanday axborot almashinuvi faqat qonun doirasida, bank sirini saqlash, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va fuqarolarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini ta’minlash sharti bilan amalga oshirilishi lozim.
Konstitutsiyaning 41-moddasida bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sirining qonun bilan kafolatlanishi belgilangan. Ushbu masalalar qonunchilikda, xususan, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonun va Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.
«Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunda bank mijozining soliqqa oid masalalari bo‘yicha ma’lumotlar qonunchilikka muvofiq soliq organlariga taqdim etilishi nazarda tutilgan.
Soliq kodeksida ham banklarning soliq organlariga axborotni soliq qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda va tartibda taqdim etish majburiyatlari belgilangan.
«Shu bilan birga, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi P2P-o‘tkazmalar o‘z-o‘zidan soliq solish obyekti hisoblanmaydi va bu fuqarolarning shaxsiy o‘tkazmalari ustidan ommaviy nazorat o‘rnatishni anglatmaydi», — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, loyihaning mohiyati banklar bilan o‘zaro hamkorlikning xavfsiz, aniq va xalqaro amaliyotga mos formatini shakllantirishdan iborat.
Ayni damda loyihaning jamoatchilik muhokamasi yakunlangan. Kelib tushgan barcha takliflar, jumladan Markaziy bankning pozitsiyasi diqqat bilan o‘rganilib, shundan so‘ng tegishli xulosalar chiqarilishi aytilmoqda.