Iqtisodiyot
Soliq qarzi ko‘p bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari ma’lum qilindi
2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari soni 955 tani tashkil qildi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning umumiy qarzdorligi 1 trillion 487,8 milliard so‘mga yetgan.
Shundan 562,2 milliard so‘mi, ya’ni umumiy qarzning 37,8 foizi soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan 10 ta korxona hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori soliq qarzi Farg‘ona viloyatida qayd etilgan — 328,3 milliard so‘m. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 295 milliard va Andijon viloyati 191,9 milliard so‘m bilan joylashgan.
Shuningdek, Toshkent shahridagi ishlab chiqarish korxonalarining soliq qarzi 73,7 milliard, Namanganda 75 milliard, Surxondaryoda 65,7 milliard va Samarqand viloyatida 61,6 milliard so‘mni tashkil etgan.
Yirik qarzdorlar
Soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari ro‘yxatida Farg‘ona viloyatida faoliyat yurituvchi «Shaffof Metan Sanoati» MChJ birinchi o‘rinni egallagan. Korxonaning qarzi 187,1 milliard so‘m deb ko‘rsatilgan.
Ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyatidagi «Silikon Color» MChJ bo‘lib, uning qarzi 74,8 milliard so‘mga yetgan. Uchinchi o‘rinni esa Farg‘ona viloyatidagi «Granula Plast Sifat» MChJ egallab, qarz miqdori 68,8 milliard so‘mni tashkil qilgan.
Ro‘yxatdan shuningdek, «Metalicom Impex» MChJ — 56,6 milliard, «Fargona Neftni Qayta Ishlash Zavodi» MChJ — 45,7 milliard va «Bronzepeak Enterprises» MChJ — 34,1 milliard so‘m qarz bilan o‘rin olgan.
Qolgan korxonalar qatorida «Sherobod Sement Zavodi» MChJ — 27,8 milliard, «So‘nmas-Plast» MChJ — 25,1 milliard, «Urban Lyuks» MChJ — 21,8 milliard va «Petromaruz Uzbekistan» MChJ — 20,4 milliard so‘m soliq qarzi bilan qayd etilgan.
Statistikaga ko‘ra, ayrim hududlarda qarzdor korxonalar soni yuqori bo‘lsa-da, umumiy qarz miqdori nisbatan past qolmoqda. Masalan, Toshkent viloyatida 140 ta, Andijonda 101 ta, Toshkent shahrida 96 ta shunday korxona bor. Farg‘ona viloyatida esa qarzdor korxonalar soni 94 ta bo‘lishiga qaramay, umumiy qarz hajmi respublikada eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.