Jamiyat
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari tayinlandi
O‘zbekiston prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, Alisher Shukrullayevich Boboyev Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Alisher Boboyev 1996-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlab, ushbu oliy o‘quv yurtining klinik ordinatura yo‘nalishida tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini 1998-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutida katta laborant sifatida boshlagan.
Turli yillarda Toshkent farmatsevtika instituti tibbiy biologik fanlar kafedrasi katta laboranti, Toshkent shahar Olmazor tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi maslahat-diagnostika poliklinikasi hamda Respublika klinik shifoxonasi urologiya bo‘limi singari qator muassasalarda shifokor-urolog, Sog‘liqni saqlash vazirligi kotibiyatida bosh mutaxassis kabi lavozimlarda ishlagan.
II darajali «Salomatlik» ordeni bilan taqdirlangan. Alisher Boboyev tayinlovga qadar Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.