Dunyodan
Sobiq shahzoda Epshteynga maxfiy hisobot yuborishda ayblangan – WSJ
Britaniya qiroli Charlz III politsiyaga Bukingem saroyida saqlanayotgan arxiv hujjatlarini oshkor qilishga ruxsat berdi. Bu haqda Observer nashri xabar berdi.
Xabarlarga koʻra, Endryu Mauntbatten-Vindzorning Buyuk Britaniyaning xalqaro savdo va sarmoya boʻyicha maxsus vakili sifatidagi faoliyatiga oid hujjatlar, shaxsiy yozishmalar va rasmiy hujjatlar tergovchilarga taqdim etiladi.
The Wall Street Journal gazetasining yozishicha, Endryuga qo’yilgan ayblovlar uning 2010 yilda maxsus vakil bo’lgan vaqti bilan bog’liq. Gazetaning yozishicha, Endryu amerikalik moliyachi Jeffri Epshteynga maxfiy hukumat hisobotlarini yuborganlikda gumon qilinmoqda.
Jurnalning ta’kidlashicha, aynan mana shu holat, maxfiy ma’lumotlarning sizib chiqishi Endryuning hibsga olinishiga sabab bo’lgan. Ish uning Epshteyn bilan do’stligidan kelib chiqqan jinsiy zo’ravonlik ayblovlari bilan bog’liq emas.
Endryu politsiya tomonidan so’roq qilingan va endi qo’yib yuborilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.