Jamiyat
Sobiq mahalla raisi fuqarolar nomidan 187 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi
Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida sobiq mahalla raisi va uning o‘g‘li olti nafar fuqaroning shaxsiy ma’lumotlaridan qonuniy asoslarsiz foydalanib, ular nomidan rasmiylashtirilgan 187,4 mln so‘mni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganlikda gumon qilinmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qarshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qarshi tumanidagi «Yangi Xonobod» mahalla fuqarolar yig‘inining sobiq raisi K.R. va uning o‘g‘li I.N.ning qonunga zid harakatlari aniqlangan.
Tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, ular mahallaga turli masalalar bilan murojaat qilgan olti nafar fuqaroning pasport ma’lumotlaridan foydalangan. Shuningdek, ularning imzolarini soxtalashtirib, onlayn savdo platformasi orqali turli maishiy texnika vositalarini rasmiylashtirgan.
Tergov talqiniga ko‘ra, xarid qilingan maishiy texnikalar keyinchalik naqd pulga sotilgan va olingan 187,4 mln so‘m o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.