Sport
Sobiq futbolchi Abdusamad Do‘rmonov vafot etdi
U ko‘p yillar Farg‘onaning «Neftchi» klubi safida to‘p surgan, O‘zbekiston milliy jamoasi bilan 1994 yilgi Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘lgandi.
O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi va murabbiy, futbol faxriysi Abdusamad Do‘rmonov 60 yoshda vafot etdi.
Abdusamad Do‘rmonov 1965 yil Termiz shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati davomida «Paxtakor» (1987-1989), «Surxon» (1990-1991) va «Neftchi» (1992-2002) kabi klublarda to‘p surgan, Farg‘ona klubi jamoasi bilan besh marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.
Shuningdek, 1992-1994 yillarda O‘zbekiston milliy jamoasiga chaqirilgan, 1994 yil Yaponiyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan.
U futbolchilar oilasi vakili bo‘lib, ukasi Rustam Do‘rmonov ham u bilan birga «Neftchi» klubi sharafini himoya qilgan, yana bir ukasi Ravshan Do‘rmonov esa Termizning «Surxon» klubida o‘ynagan.
Abdusamad Do‘rmonov 2002 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagach, «Neftchi», «Yozyovon lochinlari» va «Istiqlol» kabi klublarda murabbiy sifatida ishlagan, hozirga qadar «Neftchi» klubi murabbiylar shtabida ishlayotgandi.