Jamiyat
«Siyosiy sabab emas» – Mubashshir Ahmad ishi bo‘yicha sud majlisi uchinchi marta qoldirildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida, bugun ko‘rilishi lozim bo‘lgan, diniy ulamo Alisher Tursunov ishi bo‘yicha sud majlisi 8 oktyabrga qoldirildi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, «ishni ko‘rayotgan sudya kasallik ta’tiliga chiqqan, bu yerda siyosiy masala yo‘q». Advokat esa sudyani almashtirish masalasi ko‘rilmayotganini aytdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida Alisher Tursunovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha 2 oktyabr kuni o‘tkazilishi belgilangan sud majlisi 8 oktyabrga qoldirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov Kun.uz’ga ma’lum qildi. Oliy sud rasmiysiga ko‘ra, ishni ko‘rayotgan sudya Bobur Rahimov salomatligi bilan bog‘liq muammolar tufayli kasallik ta’tili — «bolnichniy»ga chiqqan. U 8 oktyabr kuni ishga qaytishi va shunda sud majlisi davom ettirilishi kutilmoqda. Aziz Obidov, shuningdek, ish «siyosiy sabablar»ga ko‘ra qoldirilmayotganini aytdi.
Mubashshir Ahmadning himoyachisi, advokat Abdulloh Sodiq ham Kun.uz muxbiri bilan suhbatda sudya Bobur Rahimov «bolnichniy olgani»ni tasdiqladi. Shuningdek, u sudyani almashtirish masalasi ko‘rib chiqilmayotganini aytdi.
«Agar muzokaralarga kirganidan keyin sudyani turli sababga ko‘ra almashtirish kerak bo‘lsa, ishni boshqatdan ko‘rish kerak bo‘lardi. Chunki sudya sud tergovidan ayblanuvchi, guvohlar va majlisda o‘zi eshitgan gaplari asosida dalillarni ko‘rib chiqadi va shunga qarab hukm chiqarishi kerak”, deydi advokat.
Aslida o‘tgan oyda, 22 sentabr kuni ko‘rilishi lozim bo‘lgan Alisher Tursunov ishi bo‘yicha sud majlisi jami uch marta – 16 kunga qoldirildi. Dastlab 22 sentabrdan 29 sentabrga, keyin 29 sentabrdan 2 oktyabrga, bugun 2 oktyabr kuni esa 8 oktyabrga qoldirilmoqda. Dastlabki holatda sud qoldirilishiga sabab sifatida «sudya Bobur Rahimov ayni vaqtda boshqa sud majlisi bo‘yicha maslahatga kirib ketgani va jarayon cho‘zilayotgani» keltirilgan. Shundan so‘ng sudya kasal bo‘lib qoldi.
18 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi sud majlisida davlat qoralovchisi — Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari Erkin Narzullayev suddan Mubashshir Ahmadni Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybdor, deb topishni so‘ragandi. Xususan, prokuror Mubashshir Ahmadga «o‘zaro sanksiyalarni qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish» va «BHMning 150 barobari miqdorida jarima» qo‘llashni so‘ragan.
Advokatlar guruhi esa Alisher Tursunovdan 2 ta modda: «Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish» hamda «Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish» ayblovlarini olib tashlashni so‘radi. Advokatlar, shuningdek materiallarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsatisiz tarqatishga doir ayblovni qisman tan olib, bu harakat ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganini bildirdi. Shu sababli uni JK 70-moddasi tartibda bekor qilishni, tergov organlari rasmiylashtirib olgan texnika va ashyolarni qaytarishni so‘radi.
Ayni kunlarda 3 marta qoldirilgan majlisda sudya Bobur Rahimov ayblanuvchiga so‘nggi so‘z berilishi hamda hukm chiqarish uchun maslahatlashuv xonasiga kirishi kerak edi.
51 yoshli Alisher Tursunov joriy yil 8 may kuni Turkiyada ushlanib, 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. U qariyb 5 oydan buyon hibsda saqlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Alisher Tursunovga nisbatan Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan:
244-3-modda: Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish;
244-1-modda: Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
156-modda: Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish.
Birinchi sud majlisida sudya – prokurorning iltimosiga asosan majlisda audio va foto-videolarni yozib olishni taqiqlagan. Lekin sud jarayoni ochiq o‘tadi – unda OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etishi mumkin.
Dastlabki uchta sud majlisida ayblov o‘qib eshittirilib, ekspertlar va diniy ulamoning o‘zi ko‘rsatma bergandi.