Sport

«Siti»ga avtobus yordam bermadi, «Barsa» «Real»ni quvmoqda. Kun o‘yinlari

Published

on


Husanov yana tanaffusda almashtirildi, Shomurodov yana gol urdi, «Barselona»da shedevr. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Gvardioladan avtobus

«Arsenal» – «Manchester Siti» 1:1

Gollar: Holand, 9 (0:1). Martinelli, 90+3 (1:1)

«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori, Timber (Martinelli, 80), Subimendi (Moskera, 90+8), Rays, Merino (Eze, 46), Trossar (Nvaneri, 84), Madueke (Saka, 46), Yokeresh

«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli (Stouns, 87), Husanov (Mateus Nunes, 46), Rodri, Reynders, Foden (Ake, 68), Doku (Savio, 87), Bernardu Silva, Holand (Gonsales, 76)

Ogohlantirishlar: Timber, 46 – Bernardu Silva, 36. Donnarumma, 77

«Siti» turning markaziy uchrashuviga maksimal darajada kutilgan tarkib bilan tushdi. Gvardiola 2021 yildan buyon ilk bor qatorasiga uch o‘yinda bir xil tarkibni tushirdi. O‘zbekistonlik himoyachi himoyaning o‘ng qanotidagi o‘rnini mustahkam egallagani ma’lum bo‘ldi. «Arsenal»da esa bu mavsumda ilk bor Trossar ilk daqiqalardan o‘ynadi, Arteta bir necha kun olin Chempionlar ligasida «Atletik» bilan o‘yinda 1+1 ko‘rsatkich qayd etgan futbolchisiga ishonch bildirdi.

O‘yinning ilk daqiqalaridan «Arsenal» katta kuch bilan oldinga tashlanib, raqib jarima maydonini qamalga oldi, eng oldingi chiziqdayoq pressing uyushtirdi, mehmonlar esa qarshi hujumlarga tayandi. «Siti» 9-daqiqadayoq ilk vaziyatidan foydalandi. Londonliklar himoyachilari hujumda yurganida to‘p yo‘qotildi va Reynders to‘pni raqib jarima maydoni yaqinigacha olib borib, o‘ng qanotdan ochilgan Holandni to‘p bilan ta’minladi. Norvegiyalik hujumchi yakkama-yakka vaziyatdan unumli foydalandi.

Shundan keyin mehmonlar to‘pni butunlay raqibga topshirishdi. Bo‘lim o‘rtalariga borib «shaharliklar»ning to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 17 foizgacha tushib ketgandi. Bu vaqtda Foden beshinchi himoyachiga aylandi. O‘yinda qo‘polliklar tufayli tez-tez pauza yuzaga kela boshladi. Husanov, Reynders, Gabriel, Trossar va Bernardu follardan aziyat chekishdi. Bo‘lim oxirida oldinroq sariq kartochka olib bo‘lgan Bernardu gazonda yotgan Trossarni to‘p bilan urdi, biroq hakam uni ayadi va maydondan chetlatmadi.

«Arsenal»ning birinchi bo‘limdagi to‘pga egalik qilishi chinakamiga xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirmadi. Raqib darvozasi sohasiga to‘g‘ri borgan yagona zarba Maduekening zarbasi bo‘ldi, ammo bu vaziyatda Donnarumma yaqin burchakka kelgan to‘pni to‘sishga ulgurdi.

Tanaffusda uchta almashtirish bo‘ldi. «Arsenal» Madueke va Merino o‘rniga Saka va Ezeni maydonga tashladi va bu londonliklar hujumini kuchaytirmay qolmadi. Gvardiola esa birinchi bo‘limda Husanovni maydondan oldi. O‘zbekistonlik himoyachi yakkakurashlarda yaxshi harakat qildi, o‘z qanotida Trossarga imkon bermadi, ammo to‘p bilan harakatlanishda yaxshi taassurot qoldira olmadi — to‘pni uzoqlashtirishga urinib ko‘p yo‘qotishga yo‘l qo‘ydi, vaziyatlardan birida esa to‘pni darvozabonga qaytarishga urinib, uni raqibga sovg‘a qilishiga bir baxya qoldi. Aftidan, «Arsenal» Husanovni pressingning asosiy nishoni sifatida tanlagandi: aynan uni noqulay holatga tushiruvchi paslar berib, keyin bosim uyushtirildi.

Birinchi bo‘limda bo‘lgani kabi, mezbonlar darhol «Siti»ni jarima maydoniga qamashga kirishdi. Gvardiola futbolchilari to‘pni shunchaki tepib yuborib, uzoqlashtirish bilan mashg‘ul bo‘lishdi.

68-daqiqadayoq «Siti» uch markaziy himoyachilik sxemaga o‘tdi — hujumdagi Foden o‘rniga himoyachi Ake tushirildi. Ko‘p o‘tmay Holand ham maydondan olindi va uning o‘rnini tayanch yarimhimoyachisi Gonsales egalladi. Bir necha daqiqa o‘tib Donnarumma to‘pni o‘yinga kiritishda navbatdagi marta vaqt cho‘zgani uchun sariq kartochka oldi. Sakani har safar bir vaqtning o‘zida «Siti»ning uch futbolchisi qarshi oldi — mehmonlar jarima maydoni shu qadar tig‘iz yopilgandi.

Gvardiola o‘z prinsiplariga ters borib, g‘alabali hisobni saqlashga urindi, ammo bu ish bermadi.

Barchasi 90+2-daqiqada o‘zgarib ketdi, bu vaqtga kelib «Arsenal» kutilmaganda raqib jarima maydoni atrofida bosim uyushtirishdan voz kechgandi. Mehmonlar yengil tin olishdi va ikkinchi bo‘limda ilk bor pozitsion hujum boshlashdi — ko‘p o‘tmay mezbonlar to‘pni egallab oldi va Eze maydonning ikkinchi qismida turib, to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berdi, Martinelli tezlik olib, raqib jarima maydoni yaqiniga yetib bordi va to‘pni bir teginishda ancha oldinga chiqib ketgan Donnarummaning ustidan oshirib tashladi. Bu «Arsenal»ga «Siti»ga qarshi mag‘lubiyatsiz seriyasini 6 o‘yinga yetkazish imkonini berdi. Endi «kanonirlar» to‘plangan ochkolar soni (10) bo‘yicha ikkinchi o‘rinni «Tottenhem» va «Bornmut» bilan bo‘lishib turibdi, faqat to‘plar nisbati evaziga yuqorida joylashgan. Tur yakunlariga ko‘ra «Liverpul» eng yaqin ta’qibchisidan besh ochkoga oldinda bormoqda. «Siti» esa besh turda 7 ochko bilan turnir jadvali o‘rtalarida qolmoqda.

Ispaniya: «Atletiko»da yomon start davom etmoqda

«Malyorka» – «Atletiko» 1:1

Gollar: Gallaher, 79 (0:1). Murichi, 85 (1:1)

Aniq ijro etilmagan penalti: Alvares, 14’

«Malyorka»: Roman, Kumbulla (Pablo Torre, 36), Raylo, Valent, Moxika, Morey (Prats, 82), Morlanes (Virxili, 82), Koshta (Sanches, 67), Darder, Murichi, Asano (Domenek, 68)

«Atletiko»: Oblak, Langle, Le Norman, Gansko, Lorente, Koke, Barrios (Gallaher, 68), Gonsales (Rudjyeri, 75), Simeone (Molina, 63), Alvares (Grizmann, 63), Raspadori (Serlot, 63)

Chetlatish: Serlot, 73

«Atletiko» yana bir bor qoqildi. «Enfild»dagi dramadan keyin (Diyego Simeone shogirdlari YeChL 1-turida ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqargan, ammo arbitr tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda gol o‘tkazib yuborgandi) madridliklar la liganing beshinchi turida uchinchi durangni qayd etishdi, jamoa mavsum boshidan buyon faqat bir o‘yinda g‘alaba qozongan. Bu safar ham natija alamli bo‘ldi. Birinchi bo‘limda Xulian Alvares penaltidan foydalana olmagandi, ikkinchi bo‘limda esa maydon markazida raqibning oyog‘iga butsasining ostki qismi bilan zarba bergan Syorlot jamoasini qiyin ahvolda qoldirib ketdi.

Shunga qaramay, mehmonlar bir kishi kam bo‘lib o‘ynab ham hisobni ochishgandi, Liorente boshlagan hujumda darvozabondan qaytgan to‘pni Gallaher darvoza to‘riga yo‘lladi. Ammo o‘yin yakuniga besh daqiqa qolganida «ikkinchi qavat qiroli» Muriki «Malyorka»ni mag‘lubiyatdan qutqaruvchi golini urdi. Besh turdan keyin 5 ochko — «Atletiko»ning 2009 yildan buyon eng yomon starti, o‘shanda qizil-oqlar besh turda atigi 3 ochko to‘plagandi.

«Barselona» – «Xetafe» 3:0

Gollar: Torres, 15 (1:0). Torres, 34 (2:0). Olmo, 62 (3:0)

«Barselona»: X. Garsiya, Kristensen, E. Garsiya, X. Martin (Arauxo, 83), Kunde, de Yong (Fermin Lopes, 60), Olmo, Pedri (Bardji, 76), Torres (Kasado, 60), Rafinya (Reshford, 46), Levandovski

«Xetafe»: Soriya, Dakonam (Mancha, 46), Abkar, Duarte, Riko, Kiko Femeniya, Milya, Arambarri (da Kosta, 70), M. Martin (Munos, 46), Mayoral (Kamara, 46), Liso (Sankris, 80)

Ogohlantirishlar: Rafinya, 32. Kristensen, 54 – M. Martin, 3. Liso, 42. Dakonam, 44. Abkar, 58

«Barselona» Yoxan Kroyf nomidagi, atigi olti ming muxlis kira oladigan mittigina stadionida yana bir bor shou uyushtirdi. Flik bu safar mashg‘ulotlarga kechikkan Reshfordni zaxirada qoldirdi, u ishonch bildirgan Ferran Torres esa ishonchni oqladi. E’tiborli tomoni, kataloniyaliklarning so‘nggi besh o‘yinida turli besh futbolchi ikkitadan gol urmoqda. Bungacha Fermin Lopes, Rafinya, Levandovski va Reshford navbatma-navbat dublni rasmiylashtirgandi. Ferran esa boshlang‘ich tarkibga qaytgan Dani Olmoning Gutini eslatib, tovon bilan ortga bergan dohiyona pasidan hisobni ochdi, keyin esa Rafinyaning uzatmasini qulay pozitsiyada turib darvoza to‘riga yo‘lladi.

Ikkinchi bo‘limda esa Olmo sermahsullikni davom ettirayotgan Reshfordning pasidan keyin yakuniy hisobni o‘rnatdi. Bu hujumda ko‘p narsani ancha ichkaridan ingliz hujumchisini oldinga boshlagan Kasadoning uzatmasi hal qildi. Hansi Flik jamoasi Yamalsiz ham o‘z darajasini saqlab qolmoqda va «Real» bilan poygani davom ettirmoqda. Qayd etish kerakki, germaniyalik mutaxassis qo‘lida Ferranning foydali ish koeffitsiyenti keskin ko‘tarilib ketdi, hujumchi hozirgi murabbiylar shtabi boshchiligidagi 51 o‘yinda 23 gol urgan. Holbuki u Xavi davrida 113 o‘yinda bundan ikki barobar kam gol urgandi.

Italiya: Pellegrinining g‘olibona qaytishi

«Latsio» – «Roma»

Gol: Lo. Pellegrini, 38 (0:1)

«Latsio»: Provedel, Romanioli, Xila, Nunu Tavaresh (Lu. Pellegrini, 46), Marushich, Rovella (Kataldi, 46), Dele-Bashiru (Belayan, 14), Genduzi, Dzakkani, Pedro (Noslin, 79), Dia (Kastelyanos, 62)

«Roma»: Svilar, Manchini, N`Dika, Zeki Chelik, Kristante (Tsimikas, 81), Kone, Anxelinio (Al-Aynaviy, 81), Rench, Soule (Baldansi, 73), Lo. Pellegrini (Pizilli, 73), Fergyuson (Dovbik, 66)

Ogohlantirishlar: Xila, 88 – N`Dika, 83

Chetlatish: Belayan, 86

Yakshanba kungi o‘yinlarni ochib bergan Rim derbisi Jan Pero Gasperinining topqirlik qobiliyatini yana bir bor namoyish etdi. Jamoa sardori Lorenso Pellegrini may oyi boshidan buyon jarohat tufayli o‘ynamayotgandi. Uning tarkibga qaytishining o‘zi «Roma» muxlislarini xursand qilgandi, birinchi bo‘lim oxirlarida u Soulening uzatmasini golga aylantirganida esa jamoadoshlari uni gol bilan qizg‘in tabriklashdi, uning o‘zi ham ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Lorenso — «Roma»ning ramzi. U jamoaning qatorasiga 11 mavsumdirki gol urayotgan yagona futbolchisi, «Latsio» esa — uning sevimli raqibi, u derbilarda to‘rt bor darvozani ishg‘ol etgan. Ikkinchi bo‘lim boshida Dia yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi va «burgutlar»da boshqa golli vaziyat bo‘lmadi. Gasperini birinchi urinishda oldingi hamkasblari 2016 yildan buyon uddalay olmayotgan ishni uddaladi. Aniqrog‘i — safar derbisida g‘alaba qozonib, «Roma»ning ushbu raqib ustidan g‘alabalari sonini 70 taga yetkazdi. Rimliklar uning boshqaruvida 4 turdan 3 tasida bir xilda – 1:0 hisobida g‘alaba qozondi, «Torino»dan uchralgan mag‘lubiyatli o‘yinda ham bitta gol urilgan – 0:1.

«Inter» – «Sassuolo» 2:1

Gollar: Dimarko, 14 (1:0). Karlos Augustu, 81 (2:0). Cheddira, 84 (2:1)

«Inter»: X. Martines, Acherbi, Karlos Augustu, Akanji, Suchich, Xakan Chalxanoglu (Frattezi, 65), Barella, Dimarko, Dyumfris (Luis Enrike, 65), Tyuram (L. Martines, 64), Espozito (Bonni, 77)

«Sassuolo»: Murich, Idzes, Muxaremovich, Doyg, Kulibali (Piyerini, 90+2), Matich, Kone (Fadera, 68), Vranks (Volpato, 69), Lorente (Torstvedt, 68), Berardi, Pinamonti (Cheddira, 78)

Ogohlantirishlar: Hoqon Chalxono‘g‘li, 31. Dimarko, 58 – Muxaremovich, 90

«Inter» asta-sekinlik bilan vaziyatni o‘nglamoqda va YeChLda «Ayaks» ustidan qozonilgan g‘alaba ortidan A seriyada yana uch ochko oldi. O‘yindagi natijani ikki lateral ta’minladi, ulardan biri (Karlos Augusto) shu kuni markaziy himoya uchligida harakat qildi. Ammo pozitsiya o‘zgarishi braziliyalik futbolchiga hujumlarga qo‘shilishga to‘sqinlik qilmadi va u neradzurrilar ustunligini oshirganidan ancha oldinroq ham gol urishi mumkin edi. O‘yinda hisobni Dimarko ochdi, bunda Suchichning ham xizmati katta bo‘ldi. Xorvatiyalik yarimhimoyachi o‘zi zarba berishi mumkin bo‘lgan vaziyatda to‘pni qanotdan jarima maydoniga kirib kelgan sherigiga tashlab berdi va u ideal pozitsiyadan aniq zarba yo‘lladi. Shu kuni Kristian Kivu

«Inter»ning yoshlar jamoasidan o‘ziga tanish bo‘lgan Pio Espozitoni ham boshlang‘ich tarkibda tashlagandi va bu yosh hujumchi qaychi uslubidagi zarbasi bilan oqshomni bezashi mumkin edi, ammo darvozabonning aql bovar qilmas reaksiyasi «Sassuolo»ni navbatdagi goldan qutqarib qoldi.

Turkiya: Shomurodovda barqarorlik

«Boshoqshehir» — «Alanyaspor» 1:1

Gollar: Shomurodov (29) — Ogundu (52).

«Boshoqshehir» — Muhammad, Ebosele (Bulut, 61), Ba, Opoku, Operi, Berat (Kalujinski, 85), Yusuf (Turuch, 74), Kemen (Harit, 62), Krespo, Brnich (Fayzullayev, 62), Shomurodov.

«Alanyaspor» — Tashkiran, Viana, Lima, Aliti, Keskin (Haderjonay, 65), Makuta (Janviye, 81), Maestro, Ruan (O‘zdemir, 73), Kayya, Haji (Muniye, 65), Ogunda (Meshak, 81).

Ogohlantirishlar: Berat (32), Opoku (42), Ebosele (45+2), Haji (65), Aliti (84).

Turkiya chempionati 6-turida «Boshoqshehir» o‘z maydonida «Alanyaspor»ni qabul qildi. Mezbonlar safida O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov asosiy tarkibda tushib, 29-daqiqada hisobni ochdi. Uning ikkinchi bo‘limdagi yana bir goli esa ofsayd holati tufayli inobatga olinmadi. O‘zbekistonlik hujumchi so‘nggi uch o‘yinni golli harakatsiz tark etmayapti — 2 gol va 1 golli pas. Yakunda istanbulliklar g‘alabani ushlab qola olishmadi va navbatdagi marta ochko yo‘qotdi — 5 o‘yinda 1 g‘alaba, 3 durang va 1 mag‘lubiyat. Jamoaning yana bir o‘zbekistonlik futbolchisi, yarimhimoyachi Abbos Fayzullayev 62-daqiqada o‘yinga qo‘shildi. Endilikda zaxirasida bir o‘yini bor Nuri Shahin jamoasi 6 ochko bilan turnir jadvalining 10-o‘rnida qolmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version