Sport

«Siti» va «Liverpul» yutqazdi, «Barsa»da yirik g‘alaba. Kun o‘yinlari

Published

on


«Liverpul» 12 o‘yindan yarmida yutqazib, turnir jadvalining ikkinchi qismiga tushib ketdi. «Bavariya» quturmoqda, «Napoli» yana peshqadam. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Liverpul» chuqur inqirozda

«Liverpul» – «Nottinghem Forest» 0:3

Gollar: Murillo, 33 (0:1). Savona, 46 (0:2). Gibbs-Uayt, 78 (0:3)

«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Ekitike, 55), Kerkez (Roberson, 68), Soboslai, Gravenberh, Jons (Ngumoha, 78), Makallister, Gakpo, Saloh, Isak (Kiyeza, 68)

«Nottinghem Forest»: Sels, Murillo, Milenkovich, Uilyams, Savona, Sangare, Anderson, Gibbs-Uayt, Dominges (Hatchinson, 61), Ndoy (Yyeyts, 86), Igor Jyezus (Hadson-Odoi, 86)

Ogohlantirishlar: Gravenberh, 66. Kiyeza, 87

«Liverpul» cho‘kishda davom etmoqda. «Aston Villa» ustidan g‘alaba va YeChLda «Real» bilan ko‘rsatilgan namunali o‘yin ortidan ketma-ket yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar qayd etildi. O‘tgan turda «Manchester Siti»ga 0:3 hisobida yutqazgan Slot shogirdlari bu turda o‘z maydonida ham 3 ta javobsiz gol o‘tkazib yubordi. Holbuki raqib turnir jadvalining quyi qismidagi «Nottinghem» edi. Mersisaydliklar tarixida APLda qatorasiga ikki yirik mag‘lubiyat uzoq 1965 yilda ro‘y bergandi.

Mavsum boshidan buyon ikki bosh murabbiyni ishdan bo‘shatgan «o‘rmonchilar» Shon Daych kelgach, yana himoyaviy o‘ynashga o‘tdi, ammo bu safargi o‘yinda aynan himoyachilar hujumda faol bo‘lishdi. Birinchi bo‘limda Murillo standart vaziyatdan hisobni ochgandi, ikkinchi bo‘lim boshida Savona boshqa bir lateral Uilyamsning uzatmasini golga aylantirdi. Va faqat uchinchi gol «Nottinghem»ning eng hujumkor futbolchisi Gibbs-Uayt nomiga yozildi. «Liverpul» esa hujumda hech narsa o‘ylab topa olmadi, yozdagi eng qimmatbaho transferga aylangan Isak esa faqat klub uchun minusga ishlamoqda. U mersisaydliklar safida APLdagi dastlabki to‘rt o‘yinida ham yutqazgan ilk futbolchiga aylandi.

«Enfild»ga yig‘ilgan muxlislar o‘yin tugashini kutmasdan keta boshlashdi.

Mavsum boshidan buyon 12 turdan 6 tasida yutqazgan (APLda so‘nggi yetti o‘yindan olti mag‘lubiyat) amaldagi chempionlar endi turnir jadvalining ikkinchi qismiga tushib ketdi. Jamoa keyingi turda «Vest Hem» maydonida vaziyatni o‘nglashga harakat qiladi.

«Byornli» – «Chelsi» 0:2

Gollar: Pedru Netu, 37 (0:1). Fernandes, 88 (0:2)

«Byornli»: Dubravka, Estev, Tuanzebe, Xartman, Uoker, Florentinu (Loran, 84), Kallen, Ugochukvu (Mejbri, 72), Entoni (Foster, 72), Chauna (Brun Larsen, 76), Flemming (Broyya, 72)

«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Chaloba, Kukurelya, Jyeyms (Badiashile, 46), Fernandes, Santos, Joao Pedro (Giu, 76), Gittens, Pedru Netu, Delap (Gyusto, 67)

Ogohlantirishlar: Uoker, 49. Mejbri, 82 – Pedru Netu, 41. Joao Pedro, 69. Badiashile, 81

«Chelsi» esa «Byornli»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi oxirlarida bosimni kuchaytirdi va maqsadiga erishdi. Kukurelya markaziy forvard rolida paydo bo‘lib, ancha ichkaridan uzatilgan pasdan keyin to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, hujumni davom ettirdi, Bayno-Gittensning uzatmasini esa Pedru Netu bosh bilan golga aylantirdi. Portugaliyalik vinger yana gol urishi mumkin edi, ammo uning zarbasidan keyin to‘p ustunga bordi. Ikkinchi bo‘lim oxirlarida esa Enso Fernandesga ikkinchi golni urish uchun hech narsa to‘sqinlik qila olmadi. Bu g‘alabadan keyin Enso Mareska shogirdlari ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

«Nyukasl Yunayted» – «Manchester Siti» 2:1

Gollar: Barns, 63 (1:0). Ruben Diash, 68 (1:1). Barns, 70 (2:1)

«Nyukasl Yunayted»: Poup, Sher, Tshau, Holl (Botman, 77), Livramento, Tonali, Joelinton, Gimarayns, Barns (Uillok, 85), Myorfi, Voltemade (Elanga, 85)

«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales, Foden (Marmush, 87), Bernardu Silva (Reynders, 77), Doku (Savio, 76), Sherki (Bobb, 77), Holand

Ogohlantirishlar: Joelinton, 90 – Donnarumma, 71. Bobb, 90. Bernardu Silva, 90

«Sent-Jyeyms Park»dagi o‘yin kutilganidek mehmon jamoaga katta qiyinchilik tug‘dirdi, stadionga yig‘ilgan muxlislar birinchi bo‘limning o‘zidayoq gol ko‘rishi mumkin edi (Opta hisobiga ko‘ra, jamoalar jami 7 ta yaqqol vaziyat yaratishgan), Donnarumma bir necha bor jamoasini qutqardi, 31-daqiqada esa Barns bo‘sh darvozani ishg‘ol etolmadi.

O‘z navbatida, «shaharliklar» safida Holand va Foden ham qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi. Ikkinchi bo‘limda esa Barns baribir o‘z maqsadiga erishdi va «Nyukasl»ni hisobda oldinga olib chiqdi, ammo «Manchester Siti» bir necha daqiqa o‘tib Diashning zarbasi evaziga hisobni tenglashtirdi. Ammo mehmonlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi va Barns dublni rasmiylashtirdi.

Xosep Gvardiola darhol uch futbolchini almashtirdi (Reynders, Oskar Bobb va Savinio tushirildi) va «Siti» tashabbusni qo‘lga oldi. Keyingi 10 daqiqalikda mehmonlarning to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 91 foizgacha yetdi. Savinioda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga keldi, ammo uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi yuqoridan o‘tib ketdi. Hakam o‘yinga sakkiz daqiqa qo‘shib berdi, ammo Eddi Hau shogirdlari matonat ko‘rsatib, g‘alabali hisobni saqlab qolishdi. Natijada Gvardiola shogirdlari uchinchi o‘ringa tushib ketdi, bugun «Arsenal» London derbisida g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, «Siti» bilan oradagi farqni 7 ochkoga (ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan «Chelsi» bilan esa olti ochkoga) yetkazadi.

Ispaniya: «Barselona» «Kamp Nou»ga qaytishini yirik g‘alaba bilan nishonladi

«Barselona» – «Atletik» 4:0

Gollar: Levandovski, 4 (1:0). Torres, 45+3 (2:0). Fermin Lopes, 48 (3:0). Torres, 90 (4:0)

«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, E. Garsiya (Bernal, 74), Martin, Kunde, Olmo (Rafinya, 81), Torres, Fermin Lopes (Kasado, 64), Balde (Arauxo, 46), Yamal, Levandovski (Fernandes, 64)

«Atletik»: Simon, Vivian, Lyaport, Berchiche, Gorosabel, Ruis de Galarreta (Rego, 55), Xauregisar (Boyro, 68), Sanset, Uilyams (Guruseta, 56), Berenger (Vesga, 68), Gomes (Navarro, 56)

Ogohlantirishlar: Ruis de Galarreta, 43. Gorosabel, 73

Chetlatish: Sanset, 54

«Barselona» 909 kun o‘tib «Kamp Nou»ga qaytdi va muxlislari uchun haqiqiy bayram uyushtirib berdi. Stadionga yig‘ilgan 45 ming muxlis 4-daqiqadayoq Levandovskining tezkor golini nishonladi. Formasini tiklab, yana oldingi darajasiga qaytayotgan Yamal esa ikki bor trivela uslubidagi pasi bilan Torresni golli vaziyatga chiqardi. Ferran — 2025 yil boshidan hisoblanganda, eng sermahsul ispan futbolchisiga aylandi, u bu davrdagi gollari sonini 22 taga yetkazdi. Kataloniyaliklar o‘yin davomida 19 zarba berdi va yirik hisobdagi g‘alabaga erishdi.

Yana bir e’tiborli jihat, shu kuni Hansi Flik boshlang‘ich tarkibda to‘qqiz nafar mahalliy futbolchini tushirgandi. Bunaqasi ko‘k-anorranglilar jamoasida 2014 yil yanvaridan buyon kuzatilmagandi, o‘shanda ham Xerardo Martino to‘qqiz nafar ispan futbolchisini boshlang‘ich tarkibga kiritgandi. Flik bu natijani takrorlashida jarohat tufayli ikki oy o‘ynay olmagan Joan Garsiyaning safga qaytishi qo‘l keldi.

Shu kuni ikki oylik tanaffusdan keyin Rafinya ham maydonga tushdi. 

Bu g‘alabadan keyin kataloniyaliklar kamida «Real»ning yakshanba kungi o‘yini yakuniga qadar turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqib oldi.

«Vilyarreal» – «Malyorka» 2:1

Gollar: Moreno, 6 (1:0). Koshta, 8 (1:1). Oluvaseyi, 83 (2:1)

«Vilyarreal»: Luis Junior, Marin (Byukenen, 80), Veyga, Pedrasa, Navarro, Komesanya, Parti (Geyye, 63), Moleyro (Solomon, 74), Pepe, Moreno (Mikautadze, 63), Peres (Oluvaseyi, 63)

«Malyorka»: Bergstrem, Raylo, Valent, Moxika, Maffeo, Maskarel (Morlanes, 86), Koshta, Pablo Torre (Darder, 69), Virxili (Murichi, 74), Sanches (Asano, 86), Jozef (Lyabres, 86)

Ogohlantirishlar: Luis Junior, 89. Byukenen, 90 – Bergstrem, 67. Moxika, 75

Jyerar Moreno yana gol urib, golli seriyasini to‘rt o‘yinga yetkazdi. Ammo uning tezkor goli g‘alaba kafolati bo‘la olmadi. «Vilyarreal» ikki daqiqa o‘tib javob golini o‘tkazib yubordi va jiddiy muammolarga to‘qnashdi. «Sariq submarinalar» faqat o‘yin oxirida g‘alaba golini urishdi va tur yakunlariga ko‘ra uchinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoladigan bo‘lishdi, «Malyorka» himoyachisi qanotdan uzatilgan pasdan keyin to‘pni uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘ydi va Oluvaseyi osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Italiya: Neapolning magiyasi

«Fiorentina» – «Yuventus» 1:1

Gollar: Kostich, 45+5 (0:1). Mandragora, 48 (1:1)

«Fiorentina»: de Xea, Mari, Raniyeri (Viti, 82), Pongrachich, Zom (Ndur, 60), Mandragora, Fadjoli, Parizi (Kuadio, 69), Dodo (Fortini, 46), Kin, Pikkoli (Gudmundsson, 60)

«Yuventus»: Di Gregorio, Kelli, Kopmeyners, Kalyulyu, Lokatelli, Tyuram (Kabal, 66), Kostich (Miretti, 66), Kambyaso (Konseysau, 76), Kenan Yildiz (Openda, 88), Makkenni, Vlahovich (David, 88)

Ogohlantirishlar: Fadjoli, 7. Mandragora, 84. Parizi, 87 – Makkenni, 42. Kabal, 84. Miretti, 90

«Fiorentina» va «Yuventus» uchrashuvi mezbonlarning sobiq futbolchisi Vlahovich manziliga qaratilgan haqoratlar tufayli to‘xtatilishi mumkin edi. Mezbon jamoa fanatlari dastlabki ogohlantirishni e’tiborsiz qoldirishdi va serbiyalik forvard penalti ishlash umidida jarima maydonida yiqilgach, yanada katta kuch bilan hujumga o‘tishdi. Videotakrordan keyin 11 metrlik jarima zarbasi bekor qilindi. Vlahovich Pablo Maridan qochib ketib, darvozabonni ham aldab o‘tib, bo‘sh darvozani ishg‘ol eta olmaganida esa, tribunalardagi muxlislar xuddi o‘z jamoasi gol urgandek xursandchilik qilishdi.

Va baribir birinchi bo‘lim «Yuventus» hisobiga yozildi, bo‘limga qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada Kostich olis masofadan ideal zarba yo‘lladi. Byankonerilar tanaffusga a’lo kayfiyatda yo‘l olishdi, ammo ular o‘yinning ikkinchi bo‘limini yaxshi o‘tkaza olishmadi. Avvaliga darvoza to‘sinini poylagan Moyze Kin biroz o‘tib Mandragoraning goliga uzatma berdi. Turinliklar Luchano Spalletti boshqaruvi davrida ham durang hisoblardan qutula olmayapti (uning davridagi uchinchi durang) va turnir jadvalida 6-o‘rinda qolmoqda.

«Napoli» – «Atalanta» 3:1

Gollar: Neres, 17 (1:0). Neres, 38 (2:0). Lang, 45 (3:0). Skamakka, 52 (3:1)

«Napoli»: Milinkovich-Savich, Rraxmani (Juan Jyezus, 64), Buondjorno, Bekema, Maktominay, Lobotka, Guterres (Matssokki, 69), Di Lorenso, Lang (Elmas, 69), Neres (Politano, 69), Hoylund (Lukka, 74)

«Atalanta»: Karnesekki, Xin, Axanor (Kossunu, 46), Jimsiti, Ederson, de Ron, Dzappakosta (Zalevski, 62), Bellanova, Pashalich (Skamakka, 46), Lukman (Maldini, 82), De Ketelare (Samardjich, 77)

Ogohlantirishlar: Juan Jyezus, 75 – de Ron, 59. Dzappakosta, 62

«Napoli» xalqaro tanaffusdan oldin barcha turnirlar doirasida qatorasiga uch o‘yinda gol urolmagan, A Seriyada «Bolonya»ga yutqazib, peshqadamlikni boy bergandi. Amaldagi chempionlar ajoyib qaytishni amalga oshirishdi va bu mavsumda o‘ziga o‘xshamayotgan «Atalanta»ga qarshi o‘yinni birinchi bo‘limdayoq hal qilishdi. Zambo-Angissaning jarohati tufayli boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgan David Neres ishonchni oqladi, u avvaliga Hoylundning pasidan keyin himoyachilardan qochib ketib, hisobni ochdi, keyin esa mehmonlar darvozaboni Karnesekkining himoyadan chiqishda yo‘l qo‘ygan xatosidan boshlangan hujumga ham gol bilan nuqta qo‘ydi. Bo‘lim so‘ngida Lang hisobni yiriklashtirdi va ikkinchi bo‘lim quruq rasmiyatchilikka aylandi. Endi «Napoli» kamida raqobatchilarning yakshanba kungi o‘yinlari yakuniga qadar turnir jadvalida peshqadam bo‘lib qoladi, Antonio Konte shogirdlari Yevropada kuchli beshlikning 2025 yilda birorta uy uchrashuvida yutqazmagan yagona jamoasi bo‘lib qolmoqda.

Germaniya: Olisening benefisi

«Bavariya» – «Frayburg» 6:2

Gollar: Sudzuki, 12 (0:1). Manzambi, 17 (0:2). Karl, 22 (1:2). Olise, 45+2 (2:2). Upamekano, 55 (3:2). Keyn, 60 (4:2). Jyekson, 78 (5:2). Olise, 84 (6:2)

«Bavariya»: Noyyer, Upamekano (Kim Min Je, 77), Ta, Bishof, Stanishich, Goretska (Laymer, 46), Pavlovich (Ito, 83), Olise, Dias, Karl (Jyekson, 71), Keyn (Mayk, 83)

«Frayburg»: Atubolu, Ginter, Rozenfelder (Linxart, 77), Makengo, Troy, Eggeshtayn, Manzambi (Osterage, 64), Sudzuki (Grifo, 77), Sherxant (Dinkchi, 64), Beste, Xeler (Matanovich, 64)

Ogohlantirish: Pavlovich, 40

«Bavariya» xalqaro tanaffus arafasida «Union» maydonida durang o‘ynab (2:2), g‘alabali seriyasini to‘xtatgandi. Shanba kuni «Alyans Arena»dagi o‘yinning 17-daqiqasiga kelib tabloda 0:2 raqamlari porlay boshlaganida, ayrimlar chempionlarda inqiroz yuzaga kelgani haqida ham o‘yladi. Ammo bu faqat illyuziya bo‘lib chiqdi va Olise barcha shubhalarni yo‘qqa chiqardi. U jamoasining 6 golidan 5 tasida ishtirok etdi (2+3). Olisening benefisi birinchi javob golini urgan Karlga uzatma bilan boshlandi. Bo‘lim oxirida esao‘zi gol urib, muvozanatni tikladi, tanaffusdan keyin uning burchakdan uzatmasini Upamekano golga aylantirdi, keyin Jyeksonga golli uzatma berdi, oxirida o‘z uslubidagi aylanma zarbasi bilan olis burchakni nishonga olib, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi. Bavariya mashinasi to‘xtash haqida o‘ylamayapti. Vensan Kompani shogirdlari Germaniya chempionatida 43 turdan buyon birinchi o‘rindan tushgani yo‘q.

«Borussiya» D – «Shtutgart» 3:3

Gollar: Emre Jan, 34 – penalti (1:0). Bayyer, 41 (2:0). Deniz Undav, 47 (2:1). Deniz Undav, 71 (2:2). Adeyyemi, 89 (3:2). Deniz Undav, 90+1 (3:3)

«Borussiya» D: Kobel, Emre Jan, Shlotterbek, Anton, Bellingem, Nmecha, Bayyer (Silva, 90+3), Ryuerson, Brandt (Svensson, 73), Chukvuemeka (Adeyyemi, 77), Girassi

«Shtutgart»: Nyubel, Shabo, Yelch, Mittelshtedt (Xendriks, 80), Assinon, Shtiller (Karazor, 90+3), Andres (Narti, 80), Al-Hannus, Leveling (Vagnoman, 90+4), Tiagu Tomash (Fyurix, 73), Deniz Undav

Ogohlantirishlar: Bayyer, 81 – Yelch, 24

Turning markaziy bahsi haddan tashqari yorqin kechdi. «Shtutgart»«Borussiya» maydonida ikki bor kambek amalga oshirdi va mezmonlarni ochkolardan mahrum qildi. Mehmonlar sifatli o‘yin va mustahkam xarakter namoyish etishdi. Dortmundliklar birinchi bo‘limni ikki gol ustunligi bilan yakunlagandi, ammo o‘tgan turda ham dubl qayd etgan Deniz Undav ikki gol urib, oradagi farqni yo‘qqa chiqardi. Adeyyemi 89-daqiqada mezbonlarni yana hisobda oldinga olib chiqdi va «Signal Iduna Park» g‘alabani nishonlashga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Ammo mehmonlar bu zarbadan sinib qolmadi va qo‘shimcha daqiqalarda Undav het-trikni rasmiylashtirdi. Endi «Borussiya» ushbu forvard uchun faoliyatidagi eng sevimli klubga aylandi (5 gol).

Fransiya: Pogba maydonga qaytdi

«Renn» – «Monako» 4:1

Gollar: Ait Budlal, 20 (1:0). M. Kamara, 48 (2:0). Embolo, 73 (3:0). Blas, 83 – penalti (4:0). Biyeret, 90+5 (4:1)

«Renn»: Samba, Ait Budlal, Brasse, Jake, Sisse (Merlen, 74), Ronjye, M. Kamara, Al-Taamari (G. Kamara, 85), Frankovski (Seydu, 90+1), Embolo (Roze, 90+1), Lepol (Blas, 75)

«Monako»: Gradetski, Salisu, Kerer, Teze, Zakariya, Kulibali (Pogba, 85), Uttara, Diatta (Vanderson, 70), Akliush (L. Kamara, 70), Fati (Minamino, 61), Ilenixenya (Biyeret, 61)

Ogohlantirish: Akliush, 19

Chetlatish: Zakariyo, 66

«Monako» qatorasiga uchinchi o‘yinda yutqazdi (qatorasiga ikkinchi o‘yinda yirik hisobda) va turnir jadvalida pastga sho‘ng‘ishda davom etdi. «Renn» maydonidagi o‘yin Zakariyoning qizil kartochkasidan keyin amalda hal bo‘ldi. Ammo o‘yinda muxlislar uchun ijobiy voqea ham ro‘y berdi: monegaskliklar bosh murabbiyi Sebastyan Pokonoli o‘yinning 85-daqiqasida Pol Pogbani maydonga tushirdi. Antidoping qoidalarini buzgani uchun diskvalifikatsiyaga uchragan fransiyalik 32 yoshli yarimhimoyachi uchun bu 2023 yil 3 sentabrdan buyon ilk o‘yin bo‘ldi.

«PSJ» – «Gavr» 3:0

Gollar: Li Kan In, 29 (1:0). Joau Nevesh, 65 (2:0). Barkolya, 87 (3:0)

«PSJ»: Shevale, Beraldo (Ernandez, 64), Zabarniy, Nunu Mendesh, Zair-Emeri, Vitinya (Kvaratsxeliya, 71), Mayulu (Ruis, 71), Joau Nevesh, Mbay, Li Kan In (Barkolya, 55), Ramush (Ndjantu, 64)

«Gavr»: Diav, Loris, Sangante, Zuaui, Nego (Namli, 84), Seko, Ndiayye (Mambimbi, 84), Ture (Xadra, 58), Ebonog, Kexta (Dukure, 75), Sumare

Ogohlantirishlar: Nunu Mendesh, 61. Ndjantu, 70 – Ture, 32

Luis Enrike YeChL o‘yinidan oldin o‘z odatiga ko‘ra qator yetakchilarga dam berdi. Parijliklar aralash tarkibda o‘ynaganiga qaramay, yirik hisobda g‘alabaga erishdi. Boshlang‘ich tarkibda tushgan Nunu Mendesh Li Kan Inni gol pas bilan ta’minladi. Xalqaro tanaffus vaqtida Portugaliya safida het-trik qayd etgan Joau Nevesh esa Barkolya uyushtirgan hujumdan keyin darvozabondan qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib keldi. Ikkinchi gol mezbonlar uchun juda muhim edi, chunki bungacha darvozabon Shevale «PSJ»ni qutqarishiga to‘g‘ri keldi, hisob 2:0 holatida esa Sumarening zarbasi darvoza ustuniga bordi. O‘yin oxirida Barkolya baribir o‘z maqsadiga erishdi va zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Kvaratsxeliya yordamida uchinchi golni urdi. Bu g‘alabadan keyin parijliklar «Marsel»dan birinchi o‘rinni qaytarib olishdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version