Sport

«Siti» turnirni tark etdi, Lissabonda kambek. YeChLda kun o‘yinlari

Published

on


YeChLda seshanba oqshomidagi o‘yinlardan keyin chorakfinalning to‘rt ishtirokchisi ma’lum bo‘ldi: «Siti» javob o‘yinida ham yutqazdi, «Chelsi» ikki o‘yinda 8 gol o‘tkazdi, «Budyo-Glimt» ertagi yakunlandi, «Arsenal» oson g‘alabaga erishdi.

«Sporting» 0:3 dan chiqib ketdi

«Sporting» – «Budyo-Glimt» 5:0

Gollar: Gonsalu Inasiu, 34 (1:0). Gonsalvesh, 61 (2:0). Suares, 78 – penalti (3:0). Arauxo, 92 (4:0). Nel, 120+1 (5:0)

«Sporting»: Ruy Silva, Gonsalu Inasiu, Kuarejma (Debast, 64), Arauxo (Diomande, 110), Fresneda, Morita (Bragansa, 68), Yulmann, Trinkau (Fayye, 110), Gonsalvesh (Santush, 68), Katamu, Suares (Nel, 116)

«Budyo-Glimt»: Xaykin, Bertuft, Gundersen (Aleyesami, 106), Berkan, Sevold, Berg, Fet (Euklenn, 90+1), Even (Bassi, 85), Hauge (Saltnes, 79), Blomberg (Myayattya, 85), Heg (Helmersen, 79)

Ogohlantirishlar: Yulmann, 47. Fresneda, 74. Santush, 104 – Blomberg, 6. Heg, 68. Bassi, 105. Saltnes, 118

Birinchi o‘yin: 0:3

Bir hafta oldin safardan yirik hisobdagi mag‘lubiyat bilan qaytgan portugallar Lissabondagi javob o‘yinida kambek amalga oshirdi. Mezbonlar ilk daqiqalardan hujumga otlandi, Pedru Gonsalvesh, Fransishku Trinkau, Maksimiliano Arauxo va Luis Suaresda yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, ammo hisobni himoyachi Gonsalu Inasiu ochdi – u Trinkau tomonidan ijro etilgan burchak zarbasidan so‘ng boshda aniq zarba yo‘lladi.

«Sporting» shundan keyin ham bosim o‘tkazishda davom etdi, ammo zarbalar bo‘yicha yaqqol ustunlikka qaramay (15:4), tanaffusga minimal hisobdagi ustunlik bilan yo‘l oldi.

Ikkinchi bo‘limning dastlabki qismida norvegiyaliklar o‘yinga qaytishga harakat qilishdi va bir necha hujumlar uyushtirishdi, ammo 61-daqiqada mezbonlar ikkinchi golni ham urishdi: Suares qanotdan oshirgan to‘pni Gonsalvesh darvozaga to‘g‘rilab yubordi.

Mehmonlar o‘yinni o‘z darvozasidan uzoqlashtira olmadi va ko‘p o‘tmay Berkan jarima maydoni ichida to‘pni qo‘l bilan o‘ynadi, belgilangan penaltini Suares aniq ijro etib, ikki o‘yindagi umumiy hisobni tenglashtirdi – 3:3.

Bir necha daqiqa o‘tib Nunu Santush o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin edi, ammo uning jarima zarbasidan keyin to‘p ustunga bordi. Mezbonlar 90 daqiqa davomida jami zarbalar bo‘yicha 34:6 hisobida katta ustunlikka erishishdi, lekin uch gol bilan cheklanishdi.

Natijada o‘yin taqdiri qo‘shimcha bo‘limlarda hal etiladigan bo‘ldi. Bo‘limlarning birinchisi boshlanishi bilanoq baribir o‘yin taqdiri hal bo‘ldi: Trinkauning navbatdagi uzatmasini Arauxo golga aylantirdi. Qo‘shimcha ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Rafael Nel yakuniy hisobni o‘rnatdi – 5:0, umumiy hisob esa – 5:3.

Bu YeChL pley-offlari tarixida birinchi o‘yindagi yirik farq javob o‘yinida yo‘qqa chiqarilishi bilan bog‘liq beshinchi holat bo‘ldi. Bungacha bu ishni «Deportivo» («Milan» bilan 1:4, 4:0), «Roma» («Barselona» bilan 1:4, 3:0), «Liverpul» («Barselona» bilan 0:3, 4:0) hamda «Barselona» («PSJ» bilan 0:4, 6:1) uddalagan.

Shu tariqa, turnir kashfiyoti bo‘lgan norveglar birinchi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozonganiga qaramay, o‘z ishtirokini yakunladi. «Sporting» esa o‘z tarixida ilk bor YeChL chorakfinalida o‘ynaydi.

Qizil hal qildi

«Manchester Siti» – «Real» 1:2

Gollar: Vinisius Junior, 22 – penalti (0:1). Holand, 41 (1:1). Vinisius Junior, 90+3 (1:2)

«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash (Ake, 46), Husanov, Ayt Nuri, Mateus Nunes (Marmush, 57), Rodri (Gonsales, 74), Bernardu Silva, Reynders (Geyi, 46), Doku, Sherki, Xoland (Semenyo, 57)

«Real»: Kurtua (Lunin, 46), Ryudiger, Hausen, Garsiya, Aleksandr-Arnold (Karvahal, 83), Tshuameni, Pitarch (Kamavinga, 74), Arda Guler (Manuel Anhel, 74), Valverde, Vinisius Junior, Dias (Mbappe, 69)

Ogohlantirishlar: Husanov, 45 – Mbappe, 76. Aleksandr-Arnold, 80

Chetlatish: Bernardu Silva, 20

Birinchi o‘yin: 0:3

«Manchester Siti»da Madridda kechgan birinchi o‘yindan keyin (0:3) chorakfinalga yo‘l olish uchun minimal imkoniyat saqlanib qolgandi. Buning uchun Gvardiola shogirdlaridan kamida o‘z uyida uchta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonish va o‘yinni overtaymlarga olib o‘tish talab etilardi.

Madridliklar tarkibidagi muammolardan kelib chiqilsa, bu uddalab bo‘lmas topshiriq emasdi. Arbeloa hamon Bellinghemning xizmatlaridan foydalana olmaydi, hali to‘liq tiklanib ulgurmagan Mbappe esa zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi, natijada hujum chizig‘ida Vinisiusuga bu safar ham Braim Dias sherik bo‘ldi. Yarimhimoya chizig‘ida ham jarohatlar tufayli yosh Pitarch o‘ynamoqda. Himoya chizig‘ida esa Karreras hali safga qaytmadi – chap qanotda uning o‘rniga saviya borasida undan ancha ortda qoluvchi Fran Garsiya o‘ynashiga to‘g‘ri kelmoqda. «Siti»da esa asosiy tarkibda jarohatlar yo‘q – Gvardiola Geyi, Semenyo va Foden kabi futbolchilarni zaxirada qoldirishni o‘ziga ep ko‘ra olardi. U bu safar ham «Real»ning qarshi hujumlariga qarshi tezkor Husanovni startga qo‘ydi.

Kambek uchun «Etihad»da tezkor gol urib olish talab etilardi. Ammo o‘yinning ilk daqiqalarida golga madridliklar yaqin kelishdi: birinchi o‘yin qahramoni, Donnarumma darvozasiga het-trik qayd etgan Valverde yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, ammo bu safar unga aniqlik yetishmadi.

«Siti» bunga javoban kuchli bosim bilan javob qaytardi: besh daqiqa ichida uchta xavfli vaziyat yaratildi. Tibo Kurtua Sherki va Rodrining xavfli zarbalarini qaytardi, Reyndersning zarbasini esa Hausen to‘sib qoldi. 

Shundan keyin ushbu qarama-qarshilik taqdirini hal qilgan epizod ro‘y berdi.

17-daqiqada «Real» qarshi hujum uyushtirdi, Vinisiusning dastlabki zarbasi ustunga tegdi, qaytgan to‘pni egallab olgan hujumchi yaqin burchakka zarba yo‘lladi, ammo to‘pni Bernardu Silva to‘sib qoldi. Hakam esa «o‘yindan tashqari holat» qayd etdi va shu bilan tahdid arigandek edi. Ammo vaziyatga VAR aralashdi – avvaliga Vinisius ofsaydda emasligi ma’lum bo‘ldi. Keyin esa Bernarduning holati ko‘rib chiqildi, yakunda u to‘pni qo‘li bilan qaytargan deb topildi va bosh hakam Kleman Tyurpen unga qizil kartochka ko‘rsatib, «Siti» darvozasiga penalti belgiladi.

Madriddagi o‘yinda penaltini ura olmagan Vinisius bu safar zarbani aniq ijro etdi va ikki o‘yindagi umumiy hisob 4:0 ko‘rinishiga keldi – ushbu qarama-qarshilik taqdiri amalda hal bo‘ldi.

Lekin «Siti» taslim bo‘lmadi va ozchilik bo‘lib qolganiga qaramay to‘liq kuch bilan oldinga tashlandi. Kurtua qahramonlik ko‘rsatishda davom etdi, ammo bo‘lim oxirida Erling Holand raqib jarima maydoni ichida yuzaga kelgan palapartishlikdan foydalanib, o‘z golini urishga erishdi.

Ammo ikkinchi bo‘lim quruq rasmiyatchilikka aylanib bo‘lgandi. Pepning o‘yinchi almashtirishlari ham, futbolchilarning oxirgi kuchini maydonga tashlashi ham foyda bermadi.

Gvardiola 57-daqiqadayoq Holandni maydondan olib, Semenyoni tashladi. Bo‘lim davomida «Siti» ikki bor darvozani ishg‘ol etdi, ammo ikki holatda ham ofsayd qayd etildi. Vinisius esa dublni rasmiylashtirdi.

«Real» kuchli raqibga qarshi ikki o‘yinda ham g‘alaba qozondi va chorakfinalga chiqdi. Navbatdagi bosqichda madridliklarga 99 foizlik ehtimol bilan «Bavariya» raqib bo‘ladi.

Gvardiolaning esa Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatsizligi davom etadi – uning jamoasi so‘nggi besh yil ichida to‘rtinchi marta «Real»ga yutqazib, turnirni tark etmoqda.

«Arsenal»da kutilgan g‘alaba

«Arsenal» – «Bayyer» 2:0

Gollar: Eze 36, Rays 63

«Arsenal»: Rayya, Timber, Saliba, Gabriel, Inapkiye, Rays, Subimendi, Eze (Havers, 69), Saka, Trossar (Martinelli, 69), Yokeresh.

«Bayyer» Blahich, Kuansa, Andrih, Terriyer (Tillman, 60), Tapsoba, Poku, Grimaldo, Garsiya, Palasios (Shik, 70), Maza, Kofane.

Birinchi o‘yin: 1:1

APLda peshqadamlik qilayotgan «Arsenal» YeChLda ham yurishini davom ettirmoqda. Umumiy guruh bosqichida 100 foizlik natija qayd etgan londonliklar nimchorak finalning safarda kechgan birinchi o‘yinida «Bayyer»ga umid bergandi (1:1), ammo Londondagi javob uchrashuvida raqibga hech qanday imkon berilmadi.

«Arsenal» ilk daqiqalardan o‘yinni nazorat qildi va asta-sekinlik bilan bosimni oshirib bordi. Arteta shogirdlari nemislarni maydonning ikkinchi qismidayoq qarshi olishdi va to‘pni qaytarib olib, xavfli vaziyatlar yaratishdi. Birgina Trossarning o‘zi bo‘lim davomida to‘rt bor zarba berdi. Mehmonlar darvozaboni Blasvihning qahramonliklari bo‘lmaganida hisob birinchi bo‘limdayoq yirik ko‘rinishga kelishi mumkin edi. Ammo u ham bo‘lim oxirlarida Ezening fantastik qarshisida ojiz qoldi. Eberichening jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘qqizligiga borib tushdi.

«Bayyer» ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirish uchun oldinga o‘tdi, ammo londonliklar tartibli himoyalanishdi va raqibga vaziyatlar yaratishga imkon bermadi. Keyin esa Rays jarima maydoni tashqarisidan yerlatib yo‘llagan aniq zarbasi bilan o‘yin masalasini uzil-kesil hal qildi.

Yo‘qotadigan narsasi qolmagan nemislar qolgan daqiqalarda yana oldinga tashlanishdi, ammo mezbonlar ularni jarima maydoniga ham kiritmadi. O‘z navbatida, «Arsenal» xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi va uchinchi golni ham urdi, ammo Haversning goli to‘p qo‘l bilan o‘ynalgani tufayli bekor qilindi.

Yakunda ikki gol farqidagi g‘alaba saqlanib qoldi va «Arsenal» keyingi bosqichda «Sporting»ga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi.

«Chelsi»da antirekordlar

«Chelsi» – «PSJ» 0:3

Gollar: Kvaratsxeliya, 6 (0:1). Barkolya, 15 (0:2). Mayulu, 62 (0:3)

«Chelsi»: Sanches, Hato, Chaloba, Kukurelya (Adarabioyo, 71), Sarr (Achimpong, 46), Santos, Kaysedo, Fernandes (Lavia, 60), Joao Pedro (Delap, 59), Pedru Netu, Palmer (Garnacho, 59)

«PSJ»: Safonov, Markinos, Pacho, Nunu Mendesh (Ernandez, 66), Hakimi, Vitinya, Joau Nevesh (Mayulu, 46), Zair-Emeri, Kvaratsxeliya (Li Kan In, 73), Barkolya (Due, 59), Dembele (Ramush, 66)

Birinchi o‘yin: 2:5

Chempionlar ligasi 1/8 finali doirasida Londonda kechgan yana bir uchrashuvda «Chelsi» «PSJ» bilan birinchi o‘yindagi (2:5) uchta to‘p farqini yo‘qqa chiqarish uchun maydonga tushdi, ammo yana uchta gol o‘tkazib yubordi.

Parijdagi uchrashuvda dubl qayd etgan Xvicha Kvaratsxeliya javob o‘yinida 6-daqiqadayoq intrigani o‘ldirdi. Biroz o‘tib Barkolya ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.

Mezbonlar ustozi Liam Rosenior ikkinchi bo‘limda birdaniga uchtalik almashtirish qilishi (Palmer, Fernandes va Joau Pedro o‘rniga Garnacho, Lavia va Delap) hech qanday foyda bermadi. Mehmonlarning zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan futbolchisi Mayulu esa biroz o‘tib yakuniy hisobni o‘rnatdi – 0:3.

«Chelsi» bu o‘yinda antirekordlar qayd etdi: jamoa YeChLda bungacha 14 daqiqa ichida ikki gol o‘tkazishi va pley-offda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 8 gol o‘tkazib yuborishi hali kuzatilmagandi.

Ushbu ishni uddalagan «PSJ» esa so‘nggi yetti mavsumda beshinchi bor asosiy yevrokubok chorakfinaliga yo‘l oldi. Jamoa hech qachon 1/4 finalda qoqilmagan va doim keyingi bosqichga o‘tgan.

Parijliklar bu bosqichda «Liverpul» va «Galatasaroy» juftligiga qarshi o‘ynaydi (bu jamoalarning birinchi o‘yinida istanbulliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozongan, javob o‘yini bugun Angliyada bo‘lib o‘tadi).



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version