Sport
«Siti» g‘alaba qozonishni boshladi, «Real» «Barsa»ni quvib o‘tdi. Kun o‘yinlari
Husanov muntazam ravishda asosiy tarkibda tushmoqda, «Liverpul» so‘nggi daqiqada gol o‘tkazib yutqazdi, Mbappe panenka bo‘yicha dars berdi, Italiyada YeChLga kutilmagan da’vogar, «Bavariya»ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘yildi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: Holandsiz ham uddaladi
«Manchester Siti» – «Vulverhempton» 2:0
Gollar: Marmush, 6 (1:0). Semenyo, 45+2 (2:0)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Gehi, Husanov, O`Rayli, Mateus Nunes, Rodri, Reynders (Foden, 61), Bernardu Silva, Sherki (Holand, 73), Semenyo, Marmush (Doku, 74)
«Vulverhempton»: Joze Sa, S. Bueno, Kreychi, Moskera, Andre, Gomes, Mane, U. Bueno, Chachua (Gomesh, 46), Arias (Larsen, 46), Hvang Hi Chhang (Arokodare, 71)
Ogohlantirishlar: Mateus Nunes, 71 – Andre, 57. Gomes, 67. Moskera, 88
Murakkab davrni boshdan kechirayotgan «Manchester Siti» APL autsayderiga qarshi o‘yinda o‘ziga kelib oldi. «Bo‘rilar» ham so‘nggi vaqtlarda yaxshi o‘ynay boshlagan, so‘nggi besh o‘yinda yutqazmagan, «MYu» va «Nyukasl»ga qarshi o‘yinlarda durangga erishgandi. «Shaharliklar» tezkor gol urishdi – Afrika kubogidan qaytgan Marmush joriy mavsumdagi ilk goli bilan hisobni ochdi. Misrlik hujumchining jamoadagi barcha gollari (8) «Etihad»da urilmoqda.
YeChLning yakuniy turi oldidan dam berilgan Holand bu voqeani zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib kuzatdi va faqat ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmida maydonga tushirildi. Bu vaqtga kelib hisob 2:0 ko‘rinishini olib bo‘lgandi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Semenyo «Siti»ning ustunligini ta’minlagandi. «Bornmut»dan transfer qilingan ushbu yangi futbolchi uchta ichki turnirda gol urishga ulgurdi. Shu kuni jamoaning qishki transferlardagi yana bir futbolchisi Mark Gehi ham debyutini amalga oshirdi. Angliya milliy jamoasi futbolchisi himoya markazida mustahkam o‘rin egallagan Abduqodir Husanov bilan juftlikda harakat qilishni boshladi. Yakunda mezbonlar ustunlikni saqlab qolishdi va bu jamoaning APLda yil boshidan buyon ilk g‘alabasiga aylandi.
«Bornmut» – «Liverpul» 3:2
Gollar: Evanilson, 26 (1:0). Ximenes, 33 (2:0). van Deyk, 45 (2:1). Soboslai, 80 (2:2). Adli, 90+5 (3:2)
«Bornmut»: Petrovich, Senesi, Hill, Tryuffer, Smit, Kuk, Skott, Krupi (Kristi, 67), Adli, Ximenes (Tot, 85), Evanilson (Enes Yunal, 90+3)
«Liverpul»: Alisson, Gomes (Endo, 35), van Deyk, Kerkez (Roberson, 46), Frimpong (Jons, 59), Makallister (Ekitike, 59), Gravenberh, Virs, Soboslai, Saloh, Gakpo (Ngumoxa, 74)
Ogohlantirishlar: Krupi, 45 – Gravenberh, 90
«Liverpul» o‘yinning dastlabki yigirma daqiqasida shunday o‘yin ko‘rsatdiki, muxlislar jamoa inqirozdan butkul chiqib ketganiga ishona boshlashdi. Ammo «Bornmut»ning ilk jiddiy hujumi Evanilson hisobni ochishi bilan yakunlandi. To‘p jarima maydoni ichiga yetkazib berilganida van Deyk qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va Skott to‘pni qulay vaziyatda turgan braziliyalik forvardga tashlab berdi. Keyin esa yozda «Bornmut»dan Liverpulga o‘tgan Kerkez sobiq jamoasiga yordam berib yubordi, u sun’iy ofsayd hosil qilishda xatoga yo‘l qo‘ydi va Ximenes hisobdagi farqni oshirdi.
Bu vaziyatda mezbonlar o‘n kishi bo‘lib o‘ynayotgandi: birinchi gol urilgan hujum vaqtida himoyachi Gomes jarohat olgandi, mersisaydliklar esa uning o‘rniga Endoni tushirishga ulgurmadi.
Faqat tanaffus arafasida van Deyk aybini qisman yuvib, Soboslai burchakdan oshirgan to‘pni boshi bilan raqib darvozasiga yo‘lladi. Ikkinchi bo‘limda esa vengriyalik yarimhimoyachi jarima zarbasini golga aylantirib, hisobni tenglashtirdi. Soboslai joriy mavsumda jarima maydoni tashqarisidan urilgan gollar soni (5) bo‘yicha Foden bilan tenglashib oldi. Ammo bu natija uchun yetarli bo‘lmadi. O‘yinga qo‘shib berilgan to‘rtinchi daqiqa tugayotganida mehmonlar jarima maydoni ichidagi tartibsizlikdan Adli foydalanib, jamoasiga g‘alaba keltirdi.
Bu mag‘lubiyat «Liverpul»ning turnir jadvalidagi holatini og‘irlashtiradi. Jamoa yakshanba kungi o‘yinlar natijalariga ko‘ra kuchli to‘rtlikdan chiqib ketishi mumkin: nazariy jihatdan «MYu» va «Chelsi» Arne Slot shogirdlarini quvib o‘tish, «Nyukasl» va «Brentford» ochkolar soni bo‘yicha tenglashib olish imkoniyatiga ega. «Fulhem» ham maksimal darajada yaqinlashib kelgan.
Ispaniya: Mbappe Diasga dars o‘tdi
«Vilyarreal» – «Real» 0:2
Gollar: Mbappe, 47 (0:1). Mbappe, 90+4 – penalti (0:2)
«Vilyarreal»: Luis Junior, Foyt (Marin, 24), Veyga, Pedrasa, Navarro, Parexo (Parti, 77), Guyye, Moleyro, Byukenen (Pepe, 70), Moreno (Oluvaseyi, 70), Mikautadze (Peres, 77)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio, Hausen, Karreras, Valverde, Kamavinga, Bellinghem, Arda Guler (Dias, 80), Vinisius Junior, Mastantuono (Garsiya, 74), Mbappe
Ogohlantirishlar: Foyt, 2. Byukenen, 51. Navarro, 57 – Mastantuono, 62
La liganing ikkinchi va uchinchi o‘rindagi jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga qiziqish yuqori edi. Raqiblar kutilganidek yuqori temp namoyish etishdi va navbat bilan qiziqarli hujumlar uyushtirishdi. Shu bilan birga, bu hujumlarni yakunlashda muammolar kuzatildi, madridliklar dastlabki 45 daqiqalikda Kurtua darvozasi tomon birorta zarba to‘g‘ri borishiga yo‘l qo‘yishmadi. Tanaffus arafasida Vinisius Junior golga yaqin keldi, ammo uning olis burchak tomon yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi.
Bu vaqtga kelib «Vilyarreal» asosiy himoyachisi Foytdan ayrilgandi. Kuzda ham ushbu argentinalik jarohat tufayli bir oy maydonga tusha olmagandi, bu safargi jarohati esa jiddiyroq bo‘lib chiqishi mumkin – u maydonni shifokorlarga tayangancha tark etdi. Foytsiz qolgan mezbonlar ikkinchi bo‘lim boshida gol o‘tkazib yuborishdi, himoyachi Vinining maydon chizig‘idan uzatgan pasini to‘sishda muvaffaqiyatsiz harakat qildi va to‘p qulay pozitsiyada turgan Mbappega borib tushdi. Biroz o‘tib «sariq submarinalar» o‘ta qulay imkoniyatni qo‘ldan chiqardi – Jyerar Moreno jarima maydoni markazida turib yo‘llagan zarba to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.
Shundan keyin madridliklar raqibga hujumda hech qanday imkon qoldirmadi, Mbappe esa o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda penalti ishlab, chempionatdagi 21-golini panenka uslubida ijro etdi. Translatsiya rejissyorlari Afrika kubogi finalida ro‘y bergan dramani yodga olib, Kilian golini Braim Diasni quchoqlagancha nishonlayotganini yirik planda ko‘rsatishdi. O‘yindan keyin fransuz hujumchisi bu golini ushbu jamoadoshiga bag‘ishlaganini tan oldi. Bu g‘alabadan keyin «Real» kamida yakshanba kungi o‘yinlar yakuniga qadar turnir jadvalining birinchi pog‘onasida qoladi.
Italiya: «Komo» «quturdi»
«Komo» – «Torino» 6:0
Gollar: Duvikas, 8 (1:0). Baturina, 16 (2:0). Da Kunya, 59 – penalti (3:0). Duvikas, 66 (4:0). Kyun, 70 (5:0). Kakere, 76 (6:0)
«Komo»: Byute, Kempf, Ramon, Vale, Voyvoda, Perrone (Kakere, 68), Da Kunya, Pas (Moreno, 73), Baturina (Serji Roberto, 68), Rodriges (Kyun, 68), Duvikas (Smolchich, 73)
«Torino»: Paleari, Ismayli (Maripan, 21), Koko, Tamez (Obrador, 67), Amirxan Ilhan (Andjorin, 67), Kazadei, Lazaro, Pedersen, Vlashich, Adams, Ngonge (Sapata, 67)
Ogohlantirish: Pedersen, 17
Bir hafta oldin «Milan»ga qarshi o‘z uyida yutqazgan (1:3) Sesk Fabregas jamoasi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashayotgan (5-o‘rin) «Komo» YeChLda qatnashish uchun ham real da’vogar bo‘lib qolmoqda. Ushbu jamoa o‘tgan turda Rimda kechgan o‘yinda «Latsio»ni yirik hisobda taslim etgandi (3:0). Bu turda esa «Torino»ga qarshi o‘yin taqdiri birinchi bo‘limning dastlabki qismidayoq aniq bo‘lib ulgurdi.
Hisobni ochgan Duvikas maydonning ikkinchi qismidan reyd uyushtirib, darajadagi farqni yaqqol namoyish etdi. Turinliklar himoyasidagi ketma-ket xatolar biroz o‘tib Baturin ikkinchi golni urishi bilan yakunlandi. Ikkinchi bo‘limda ushbu xorvatiyalik yarimhimoyachi Duvikasning dubliga hammualliflik qildi. Ikkinchi bo‘limda Kyun va Kakre ham uzoq masofadan yo‘llagan zarbalari bilan turning eng chiroyli gollarini urishdi.
Umuman, shu kuni mezbonlar raqiblar darvozasini jami 6 bor ishg‘ol etishdi va turnir jadvalidagi raqobatchilarning yakshanba kungi o‘yinlari yakuniga qadar top-4 dan ikki ochkolik masofada bo‘lishadi. 22 turdan keyingi 40 ochko – jamoa tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir. «Torino» esa o‘z tarixida ilk bor bir mavsumda bir jamoaning o‘zidan 11 gol o‘tkazib yubormoqda – ushbu jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida 1:5 hisobi qayd etilgandi.
Germaniya: «Bavariya»da qoqilish
«Bavariya» – «Augsburg» 1:2
Gollar: Ito, 23 (1:0). A. Chaves, 75 (1:1). Massengo, 81 (1:2)
«Bavariya»: Urbig, Kim Min Je (F. Chaves, 85), Ta, Ito (Bishof, 79), Deyvis (Kimmix, 61), Goretska (Jyekson, 79), Pavlovich, Karl (Musiala, 61), Dias, Olise, Keyn
«Augsburg»: Damen, Shlotterbek, Tseziger, A. Chaves (Volf, 85), Massengo, Rejbechay (Kaytel, 74), Yannulis, Fellhauer, Klod-Moris, Rider (Kemyur, 74), Kade (Essende, 63)
Ogohlantirish: Ta, 73
Bundesligada turning asosiy voqeasi – «Bavariya»ning mag‘lubiyati bo‘ldi, myunxenliklar shu kungacha «Alyans Arena»da mavsum boshidan buyon yutqazmayotgan, umuman olganda, jamoaning o‘z uyidagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 27 turdan buyon davom etayotgandi. Myunxenliklar bir oy oldin ham fiaskoga yaqin kelishgandi, ammo «Mayns»ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatdan qutulib qolishgandi (2:2). Bu safar esa magiya limiti tugab qolgani ma’lum bo‘ldi va so‘nggi daqiqada Olisening Robben uslubidagi zarbasidan keyin to‘p to‘sin va ustun birlashgan nuqtaga bordi.
Birinchi bo‘lim o‘rtalarida uning uzatmasi bilan Uto hisobni ochgandi. Ammo ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmida mezbonlar safida Noyyer o‘rniga darvozani qo‘riqlagan Urbig to‘pga chiqishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va hisob tenglashdi. Bir necha daqiqa o‘tib esa mezbonlar safida zaxiradan tushgan ikki taniqli futbolchi himoyada xatoga yo‘l qo‘yishdi: Kimmih golli pas muallifi Yannulisni to‘xtata olmadi, keyin esa og‘ir jarohatdan tuzalib, endi safga qaytayotgan Musiala gol muallifi Massangoga qarshi o‘ynay olmadi. «Augsburg» bir necha daqiqa ichida o‘yinda burilish yasab, Myunxenda 2015 yil mayidan buyon ilk g‘alabasiga erishdi.
«Union» B – «Borussiya» D 0:3
Gollar: Emre Jan, 10 – penalti (0:1). Shlotterbek, 53 (0:2). Bayyer, 84 (0:3)
«Union» B: Rennov, Kverfeld, Diogu Leyte (Shefer, 76), Duki, Kemlyayn (Berk, 76), Xedira, Yuranovich (Nsoki, 66), Xaberer (Trimmel, 86), Chon U Yen, Ilich, Ansa (Burju, 66)
«Borussiya» D: Kobel, Anton, Shlotterbek, Emre Jan (Anselmino, 69), Bellinghem, Nmecha (Mane, 90+3), Svensson, Ryuerson (O‘zjan, 90+3), Silva (Chukvuemeka, 79), Bayyer, Girassi
Ogohlantirishlar: Emre Jan, 59
Bundesligada kunning so‘nggi o‘yini «Borussiya»ning tezkor goli bilan boshlandi. Girassi darvozabonni o‘ziga qo‘pollik ishlatishga majbur qildi, Emre Jan esa qatorasiga ikkinchi turda penaltini aniq ijro etdi. Ikkinchi bo‘lim boshida dortmundliklar o‘z uslubida gol urishdi. Ryuersonning burchakdan uzatmasidan keyin Shlotterbek hisobdagi farqni oshirdi. O‘yin oxiriga borib Bayyer Job Bellinghemning uzatmasidan keyin hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
«Asalarilar» «Bavariya» bilan oradagi farqni sakkiz ochkogacha qisqartirdi. Chempionlik intrigasi haqida gapirishga hali erta. Myunxenliklarning bu mavsumdagi yagona raqibi – ularning o‘zi. O‘z navbatida «Borussiya» eng yaqin ta’qibchisi bilan oradagi farqni olti ochkoga yetkazdi. Niko Kovach shogirdlari qatorasiga to‘qqiz o‘yina darvozasi daxlsizligini saqlab qolmoqda.