Sport

«Siti» «Chelsi»ni yirik hisobda yengdi

Published

on


Sherkining ikkita «sehrli» pasi «shaharliklar» g‘alabasini ta’minladi va jamoa «Arsenal» bilan oradagi farqni qisqartirdi. Bir haftadan keyin APLda bahorning asosiy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Foto: Marc Atkins/Getty Images

«Chelsi» – «Manchester Siti» 0:3

Gollar: O`Rayli, 51 (0:1). Geyi, 57 (0:2). Doku, 68 (0:3)

«Chelsi»: Sanches, Xato, Fofana, Kukurelya, Gyusto (Achimpong, 88), Santos (Lavia, 67), Kaysedo (Essugu, 82), Palmer, Pedru Netu, Estevao (Garnacho, 67), Joao Pedro (Delap, 81)

«Manchester Siti»: Donnarumma, Geyi, Husanov, O`Rayli (Ait Nuri, 64), Mateus Nunes, Rodri, Bernardu Silva (Kovachich, 81), Sherki (Savio, 76), Doku (Foden, 76), Semenyo, Holand

Ogohlantirishlar: Estevao, 12. Kukurelya, 54. Essugu, 90 – Semenyo, 38

«Agar bugun „Stemford Brij“da g‘alaba qozona olmasak, „Arsenal“ bilan o‘yin oldidan matbuot anjumani o‘tkazmasa ham bo‘ladi, chunki hammasi tugaydi. Buni hamma biladi. Sen buni bilasan, men buni bilaman, o‘yinchilar buni bilishadi, buni Angliyada hamma biladi. Biz qolgan barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonishimiz kerak. Hech qanday durang qoniqtirmaydi, yo‘q, buni unuting. Bunday „Arsenal“ga qarshi to‘qqiz ochko ko‘p. Ammo „Chelsi“ni, keyin esa „Arsenal“ni yengsak, hech bo‘lmasa illyuza bilan yashasak bo‘ladi. Buni sinab ko‘rish istagi bor», – dedi Gvardiola «Chelsi»ga qarshi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida.

Turnir jadvalida bu jamoalar o‘zaro raqobatchi emas, ammo o‘zaro bahsdagi g‘alaba mavsum oxiridagi poygaga ta’sir qilishi aniq edi.

«Manchester Siti» uchun bu «Arsenal»ga yaqinlashib olish uchun imkon edi – «shaharliklar» bir haftadan keyin turnir jadvali peshqadamiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. «Kanonirlar» esa bu turda kutilmaganda uyda «Bornmut»ga yutqazib qo‘ydi va chempionlik poygasida intrigani jonlantirdi.

Turnir jadvalida jamoalarning o‘yini keyingi tur natijasidan keyin ham o‘zgarmaydi, ammo Pep to‘g‘ri aytgandi – bu turdagi mag‘lubiyat amalda chempionlik poygasi tugaganini anglatardi. Qolaversa, «Siti» mart oyida Angliya ligasi kubogi finalida «Arsenal» ustidan g‘alaba qozongan, keyinroq Angliya kubogi chorakfinalida «Liverpul»ni yirik hisobda tor-mor etgandi. Ammo jamoada APLning oxirgi turlarida ko‘p durang o‘ynab yuborgandi va vaziyatini qiyinlashtirib qo‘ygandi.

«Chelsi»ning ham o‘z dardlari bor. Ulardan eng asosiysi – keyingi mavsumda Chempionlar ligasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritish. Buning uchun esa kamida «Liverpul»ni quvib o‘tish talab etiladi. Lekin Rosenior Madrid yashash uchun ajoyib shahar ekanini aytib intervyu bergan Enso Fernandesni ikki o‘yinga chetlatgandi. Qolaversa, londonliklarning «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlardagi statistikasi ham achinarli edi: ko‘klar ushbu jamoaga qarshi o‘yinlarda oxirgi bor besh yil muqaddam, 2021 yil mayida YeChL finalida g‘alaba qozongandi.

O‘yinning startida shunday taassurot hosil bo‘ldiki, har ikki jamoa ham maydonga g‘alabaga intilishdan ko‘ra yutqazmaslikka e’tibor qaratdi. To‘p raqibdan olib qo‘yilgan holatlarda futbolchilar oldinga borishga shoshilishmadi va xavfsiz o‘ynashga qaror qilishdi. Tabiiyki, bunday formatda xavfli vaziyatlar ham yaratilmadi.

«Chelsi» bir necha bor «Siti» mudofaasidagi xatolardan foydalanishga urindi. Birinchi holatda Palmer maydon markazi orqali yurish qilib, Netu bilan devor uslubida o‘ynadi va kuchli zarba berdi – to‘p darvoza to‘riga tashqi tomondan tegdi. Kukurelya esa Husanovning xatosidan keyin darvozani ishg‘ol qilgandi, ammo gol kichik ofsayd holati tufayli bekor qilindi. Yana bir hujumda esa Netuning zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi, ammo bu Donnarumma uchun qiyinchilik tug‘dirmadi. Umuman olganda, birinchi bo‘limda «Siti» himoyasining o‘ng qanotida muammolar yaqqol ko‘zga tashlandi – Mateus Nunes juda yuqoriga chiqib o‘ynadi va Silva doim ham qaytishga ulgurmadi.

Mehmonlarda hujum chizig‘ining ham ishlari yurishmadi. Sherki va Bernardu zarbdor pozitsiyalarga chiqib borishdi, ammo ikki holatda ham to‘p Sanchesning o‘ziga bordi. Raqiblar ikkinchi bo‘limga kuch tejayotgandek harakat qilishdi. Bunday o‘yinlar odatda birinchi golgacha zerikarli kechadi.

Gol esa ikkinchi bo‘lim boshidayoq urildi. Rayan Sherki o‘ng qanotdan jarima maydoni markaziga uzatma berdi, u yerda Niko O’Rayli raqib futbolchisidan ildamroq harakat qilib, bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Besh daqiqa o‘tib fransuz yarimhimoyachisi yana bir bor o‘zini ko‘rsatdi. U burchak zarbasidan keyin to‘pni istalgancha olib yurdi va darvozabon maydoniga yaqin joyda bo‘sh turgan Geyini golli pas bilan ta’minladi. «Chelsi» o‘tkazilgan goldan o‘ziga kelishga ulgurmadi va darvozasi to‘ridan ikkinchi bor to‘p olib chiqdi.

Rosenior almashtirishlar orqali reaksiya qilishga urindi va mezbonlar to‘liq kuch bilan oldinga tashlanishdi. Ammo «Siti» futbolchilarida endi o‘ziga bo‘lgan ishonch haddan tashqari oshib ketgandi va hisob yirik ko‘rinishga keltirildi. Doku raqib jarima maydoni yaqinida bosim uyushtirib, to‘pni Kaysedodan olib qo‘ydi va o‘zi Sanchesning yaqin burchagini aniq nishonga oldi – 3:0.

Qolgan daqiqalar quruq rasmiyatchilikka aylandi. Husanov to‘rtinchi golni urishi mumkin edi, ammo uning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi.

3:0 – «Manchester Siti» «Arsenal» bilan oradagi farqni 6 ochkoga qisqartirdi va APLda bahorning asosiy o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. «Chelsi» muxlislari esa o‘yin yakunini kutmasdan tribunalarni tark etishdi. Jamoaning YeChL yo‘llanmasi uchun kurashdagi imkoniyatlari pasayishda davom etmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version