Iqtisodiyot

Sirdaryodagi 9 ta tuman-shahar hokimlari Xitoyga yo‘l oladi

Published

on


Ular Sirdaryo erkin sanoat zonasidagi loyihalarni xitoylik investorlarga taqdimot qilib keladi. Shuningdek, Xitoy bilan hamkorlikda Gulistonda yangi savdo-sanoat zonasi tashkil qilinib, u yerdagi obektlar tadbirkorlarga tayyor loyiha sifatida sanoat ipotekasi yoki lizingga beriladi. Davlat Toshkent shahridagi zavodini Sirdaryoga ko‘chirishni xohlovchi tadbirkorlarni qo‘llamoqchi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryoga tashrifida sanoat, servis, qishloq xo‘jaligi va infratuzilmani masalalari muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda viloyatda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda 500 million dollarlik 31 ta korxona ishga tushirilib, 5 mingta ish o‘rni yaratilgan. Xitoylik hamkorlar bilan yana 700 million dollarlik 40 ta loyiha bo‘yicha ishlar ketyapti.

Yangiyer, Guliston va Shirin shaharlari, Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos hisobidan Sirdaryo erkin sanoat zonasi hududi 1080 gektarga kengaytirildi. Endi bu yerda yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalar joylashishi kerak.

Davlat rahbariga ko‘ra, viloyat va tuman hokimlari sanoat zonasiga qo‘shib berilgan ming gektarda kamida 4 milliard dollarlik loyihalarni boshlashi lozim.

Buning uchun loyihalarning samaradorligini hisob-kitob qilib, investorlarga taqdimot qilish uchun Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari, Yangiyer, Guliston, Shirin shaharlari hokimlaridan iborat delegatsiyani Xitoyga yuborish topshirildi.

Xitoyning Sindao shahrida “Xitoy – Shanxay hamkorlik tashkiloti” maxsus iqtisodiy pilot zonasidagi imtiyozlar, ularni qo‘llash mexanizmlari, amalga oshirilayotgan loyihalarni puxta o‘rganib, Guliston shahrida kamida 5 ming ish o‘rinli “O‘zbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo-sanoat zonasini tashkil qilish vazifasi qo‘yildi. Bu yerdagi obektlar tayyor loyiha sifatida tadbirkorlarga sanoat ipotekasi yoki lizing asosida taqdim etiladi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahridan bosqichma-bosqich ko‘chirilayotgan sanoat korxonalarining bir qismini Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chirish imkoniyati bor.

Shu sabab poytaxtdagi korxonasini Sirdaryoga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taklif etiladi. Ularga 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Xomashyoni temir yo‘li orqali tashishda arzonlashtirilgan tariflar qo‘llanadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version