Jamiyat

Sirdaryoda shifokor bemorning o‘g‘li tomonidan kaltaklandi

Published

on


Sirdaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori yarim tunda olib kelingan bemor ayolning qo‘lidan tutib, o‘tirishiga ko‘maklashgani uchun uning o‘g‘li tomonidan kaltaklandi. Guvohlar ayolning turmush o‘rtog‘i shifokorga o‘ldirib yuborish bilan tahdid qilganini, hamshiralarni haqoratlaganini aytmoqda. Voqea joyiga chaqirtirilgan IIB xodimlari tomonlarni yarashtirish bilan cheklangan.

Sirdaryo viloyatida shifokor bemor ayolning o‘g‘li tomonidan kaltaklandi. Kun.uz holatga oydinlik kiritdi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 8 noyabrdan 9 noyabrga o‘tar kechasi Mirzaobod tumanida joylashgan Sirdaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida sodir bo‘lgan. 1982 yilda tug‘ilgan, Guliston shahrida yashovchi D.A. turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li tomonidan shifoxonaga olib kelingan. Navbatchi shifokor ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan kelgan ayolning qo‘lidan tutib, o‘tirishiga ko‘maklashgan. So‘ngra og‘riq bor yoki yo‘qligini tekshirish maqsadida ayolning qorin sohasidan qo‘li bilan bosib ko‘rgan.

Bemor ayolning o‘g‘li shifokorning bu harakatidan g‘azablanib, uni kaltaklay boshlagan. Janjalga “Nega qo‘lingni tekkizding?”, deya ayolning turmush o‘rtog‘i ham qo‘shilgan. Kaltaklangan shifokor yigit jarohatlanib, qonga belangan holda shifoxonaga olib ketilgan. O‘sha tunda navbatchi bo‘lgan bo‘lim bekasi holat yuzasidan IIBga xabar bergan. Voqea joyiga yetib kelgan IIB xodimlari tomonlarni yarashtirish bilan cheklangan.

Kun.uz voqea guvohi bo‘lgan bo‘lim bekasi Zubayda Yo‘ldoshevna bilan bog‘landi. Uning aytishicha, ayolning turmush o‘rtog‘i shifokorga o‘ldirib yuborish bilan tahdid qilgan.

“Shifokorni ayolning o‘g‘li kaltakladi, eri esa o‘ldirib yuborish bilan tahdid qildi. Qolaversa, hamshiralarni, meni ham haqoratladi. Janjalda turmush o‘rtog‘ini tashqariga chiqarib, eshikni yopib qo‘ydim. IIB xodimlariga xabar berdik. Kecha IIBda menga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib, “Nega xabar berasan ovora qilib, o‘lganda xabar qilsang bo‘lardi-ku” deyishdi. Bilmadim, janjal bo‘lganda IIBga xabar berib xato qilibman shekilli”, deydi bo‘lim bekasi.

Kaltaklangan shifokor va haqoratlanganlar IIBga ota va o‘g‘ilga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirishgan. Hozircha rasmiy idoralar holat bo‘yicha munosabat bildirmadi. 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version