Jamiyat
Sirdaryo qirg‘og‘ida 55 kg narkotik topildi, egalari qidirilmoqda
DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari Farg‘ona viloyatida yirik kontrabanda harakatiga chek qo‘yishdi. Beshariq tumani, «Shodiqoziq» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo qirg‘og‘ida shubhali to‘rtta polietilen qop topildi.
Qoplardan qo‘shni davlatdan noqonuniy olib o‘tilgan ulkan miqdordagi «ajal urug‘lari» va dori vositalari chiqdi:
47 kg 113 gr «gashish» (48 ta o‘ramda);
7 kg 779 gr «opiy» (15 ta o‘ramda);
10 710 dona «Lidaza» va 756 dona «Tenoksikam» dori vositalari.
Kontrabandachilar «yuklar»ni qirg‘oqda qoldirib, voqea joyidan yashirinishga ulgurishgan. Hozirda ushbu zaharli moddalar kimga tegishli ekanligini aniqlash bo‘yicha keng qamrovli qidiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.