Sport
Sindorov Nomzodlar turniridagi ishtiroki orqali 165 ming yevro ishlab oldi
Oxirgi tur natijasiga qarab mukofot pullari yana ortishi mumkin. Shuningdek, bu turnirdagi g‘oliblik unga yil oxirida Gukeshga qarshi Jahon toji uchun bahs o‘tkazish imkonini beradi. O‘sha bahs ishtirokchilari uchun esa 1 million dollardan ortiq mukofot kafolatlangan.
Foto: Michal Walusza / FIDE
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 13-turida niderlandiyalik Anish Giri bilan durang o‘ynadi va musobaqada muddatidan oldin g‘oliblikni rasmiylashtirdi.
Kiprda bo‘lib o‘tayotgan Nomzodlar turnirining sovrin jamg‘armasi 700 ming yevroni tashkil etadi.
Sindorovga birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro miqdorida mukofot puli kafolatlangan. Shuningdek, barcha shaxmatchilarga qo‘lga kiritilgan har yarim ochko uchun 5000 yevrodan berilishi ko‘zda tutilgan. Sindorov esa hozirgacha to‘plangan ochkolari orqali yana 95 ming yevro ishlab topgan.
Ya’ni u hozirning o‘zida kamida 165 ming yevroni naqd qilib qo‘yishga ulgurdi. U bugun Vey Iga qarshi so‘nggi partiyada durang yoki g‘alaba qayd etishiga qarab, uning hisobiga mos ravishda yana 5 yoki 10 ming dollar qo‘shiladi.
Sindorov bu turnir g‘olibi bo‘lish orqali yil oxirida Jahon toji uchun amaldagi chempion, hindistonlik Dommaraju Gukeshga qarshi bahsda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Mazkur bahsdagi natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar shaxmatchilar kafolatlangan katta mukofot puliga ega bo‘ladi. Xususan, Gukesh o‘tgan safar chempionlik uchun 1 mln 350 ming dollar olgandi. Unga yutqazgan Din Liren esa 1 mln 150 ming dollar bilan mukofotlangandi.
Bu esa Javohir Sindorov allaqachon dollarlarda millionlik marradan o‘tib bo‘lganini anglatadi.
Qayd etish kerakki, Javohir va Gukesh bungacha klassik partiyada uch marta to‘qnash kelishgan. Shundan ikkitasida Sindorov g‘alaba qozongan, bittasida esa durang qayd etilgan.
Gukesh esa hozir yaxshi sport formasida emas, u mart oyida Pragada bo‘lib o‘tgan turnirda 9 partiyadan faqat bittasida g‘alaba qozonib, so‘nggi o‘rinlardan birini egallagandi.