Sport
Sindorov Nakamura bilan durang qayd etdi
Endi o‘zbekistonlik shaxmatchining ochkolari soni 9 taga yetdi. Ikkinchi o‘rindagi Anish Giri (6,5) bu turda yutqazsa, Javohir bugunning o‘zida muddatidan oldin chempion bo‘ladi. Giri bugun yutqazmagan taqdirda ham keyingi turda Javohir u bilan o‘zaro o‘yinda durang qayd etishi muddatidan oldingi chempionlik uchun yetarli bo‘ladi.
Foto: Michal Walusza / FIDE
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov 12 aprel kuni Nomzodlar turnirining 12-turida amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamuraga qarshi oq donalarda o‘ynab, durang qayd etdi.
Shaxmatchilar 33-yurishdan keyinoq tezkor durangga kelishishdi.
🇺🇿 Javokhir Sindarov 0.5-0.5 Hikaru Nakamura 🇺🇸
♟️ Round 12, FIDE Candidates 2026#FIDECandidates #FIDE #Chess #Cyprus pic.twitter.com/G2Tk7bIaEF
— International Chess Federation (@FIDE_chess) April 12, 2026
Birinchi davradagi o‘zaro bahsda o‘zbekistonlik shaxmatchi endshpilda g‘alaba qozongandi.
Endi Sindorov 12 imkoniyatdan 9 ochko jamg‘argan holda peshqadamlikni mustahkamladi.
Ikkinchi o‘rinda kelayotgan niderlandiyalik shaxmatchi Anish Giri (6,5 ochko) bu tur doirasida xitoylik Vey Iga yutqazadigan bo‘lsa, Javohir Sindorov bugunning o‘zida muddatidan oldingi chempionlikni qo‘lga kiritadi.
Agar Giri bugun yutqazmasa, u holda keyingi turda Sindorov u bilan o‘zaro bahsda kamida durang qayd etish orqali baribir muddatidan oldingi chempionlik masalasini hal qilishi mumkin.