Sport
Sindorov Karuanani ham mag‘lub etib, Nomzodlar turnirida yaqqol peshqadamga aylandi
Asosiy raqobatchisi ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin o‘zbekistonlik shaxmatchi 4 imkoniyatdan 3,5 ochko jamg‘argan holda birinchi o‘rinni mustahkamladi. Bundan tashqari, ushbu g‘alaba evaziga u FIDE reytingida 6-o‘ringa ko‘tarildi.
Foto: Michal Walusza / FIDE
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 1 aprel kuni Nomzodlar turnirining 4-turida amerikalik Fabiano Karuana ustidan g‘alaba qozondi.
Oq donalarda o‘ynagan Sindorov ushbu raqibga qarshi juda yaxshi tayyorlanganini namoyish etdi – u Karaunaning debyutdagi yurishlarini oldindan topdi (uning o‘zi bahsdan keyin raqibning 16-yurishgacha bo‘lgan harakatlarini oldindan bilganini aytdi) va buning evaziga vaqt borasida katta ustunlikka ega bo‘ldi. Amerikalik shaxmatchi esa yurishlarni o‘ylash uchun juda ko‘p vaqt sarflab yubordi va yakunda kuchli seytnot holatiga tushib qolib, soatida atigi 48 soniya qolganida taslim bo‘ldi – bu vaqtda Sindorovning zaxirasida 42 daqiqadan ko‘proq vaqt bor edi.
O‘zaro uchrashuv arafasida ikki shaxmatchi bir xil – 3 imkoniyatdan 2,5 ochko jamg‘argan holda qo‘shpeshqadamlik qilib turgandi. Asosiy raqobatchisi ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin o‘zbekistonlik shaxmatchi 4 imkoniyatdan 3,5 ochko jamg‘argan holda musobaqaning yakka peshqadamiga aylandi.
U turnir startida rossiyalik Andrey Yesipenkoni mag‘lub etgan, 2-turda germaniyalik Mattias Blubaum bilan durang qayd etgan, 3-turda esa turnir favoritlaridan biri, hindistonlik Rameshbabu Pragnanadhadan ham ustun kelgandi.
Bundan tashqari, navbatdagi g‘alaba evaziga Sindorov onlayn FIDE reyting jadvalida 5 pog‘ona yuqorilib, 2759,2 ochko bilan 6-o‘ringa ko‘tarildi.
Kiprning Pafos shahrida 29 mart kuni boshlangan 2026 yilgi Nomzodlar turniri 15 aprelgacha davom etadi. Unda jahonning sakkiz nafar nomdor shaxmatchilari ishtirok etmoqda. Javohir Sindorov ushbu turnirga yo‘llanma olgan ilk o‘zbekistonlik hisoblanadi.
Turnirda shaxmatchilar ikki davrada jami 14 partiya o‘ynashadi, ya’ni oldinda yana 10 tur bor. G‘olib pul mukofotlaridan tashqari (g‘oliblik uchun 48 ming yevro beriladi, shuningdek, har bir ishtirokchi jamg‘argan har yarim ochkosi uchun 3500 yevrodan oladi) amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaradju Gukeshga qarshi shaxmat toji bahs olib borish huquqini qo‘lga kiritadi.
Turnirda 2 aprel dam olish kuni. Beshinchi tur 3 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Javohir Sindorov qora donalarda amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamuraga qarshi bahs olib boradi.