Sport
Sindorov “duranglar qiroli” bilan durang o‘ynadi
Javohir Sindorov bugungi durang bilan 7 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘arib turnir tarixida mutlaq rekordga erishdi. Hali hech bir shaxmatchi Nomzodlar turnirining birinchi davrasidayoq bunday natijaga erishmagan: na Karlsen, na Anand, na Nepomnyashchiy.
Foto: Youtube / FIDE chess
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov 5 aprel kuni Nomzodlar turnirining 7-turida jahon reytingida 8-o‘rinda turuvchi niderlandiyalik Anish Giri bilan durang o‘ynadi.
Girini “duranglar qiroli” deb atash mumkin. U 2016 yilgi Nomzodlar turnirida 14ta partiyaning barchasini durang bilan yakunlagan.
Sindorov bugungi durang bilan 7 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘arib turnir tarixida mutlaq rekordga erishdi. Hali hech bir shaxmatchi Nomzodlar turnirining birinchi davrasidayoq bunday natijaga erishmagan: na Karlsen, na Anand, na Nepomnyashchiy.
Javohir bungacha jahon reytingida ikkinchi o‘rinda borayotgan amerikalik Hikaru Nakamura, amerikalik yana bir shaxmatchi, jahon reytingida uchinchi o‘rinda turgan Fabian Karuana, jahon reytingida 7- o‘rinda turuvchi xitoylik Vey Ini taslim etgandi.
Endi Javohir Sindorov 7 aprel kuni ikkinchi davraning 8-tur doirasida rossiyalik Andrey Yesipenkoga qarshi dona suradi.
Kiprning Pafos shahrida 29 mart kuni boshlangan 2026 yilgi Nomzodlar turniri 15 aprelgacha davom etadi. Unda jahonning sakkiz nafar nomdor shaxmatchilari ishtirok etmoqda. Javohir Sindorov ushbu turnirga yo‘llanma olgan ilk o‘zbekistonlik hisoblanadi.
Turnirda shaxmatchilar ikki davrada jami 14 partiya o‘ynashadi, ya’ni oldinda yana 9 tur bor. G‘olib pul mukofotlaridan tashqari (g‘oliblik uchun 48 ming yevro beriladi, shuningdek, har bir ishtirokchi jamg‘argan har yarim ochkosi uchun 3500 yevrodan oladi) amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaradju Gukeshga qarshi shaxmat toji uchun bahs olib borish huquqini qo‘lga kiritadi.