Mahalliy
Shveysariya sudi Gulnora Karimovaga qarshi qo‘zg‘atilgan ishni to‘xtatdi
Shveysariya Federal jinoyat sudi 28-aprel kuni Gulnora Karimovaga nisbatan yuritilgan jinoyat ishini rasman tugatish haqida qaror chiqardi. Bu haqda mamlakat milliy telekanali orqali ma’lum qilindi.
Sud qaroriga ko‘ra, ishni ko‘rib chiqishda «barqaror to‘siq» mavjud. Ya’ni, ayblanuvchi shaxsning sudda shaxsan ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagani jarayonni davom ettirishga huquqiy asos qoldirmagan.
Sud jarayoni Shveysariyaning Bellinsona shahrida boshlangan. Biroq Gulnora Karimova unda ishtirok eta olmagan. U 2014 yildan buyon O‘zbekistonda hibsda saqlanmoqda va mahalliy hokimiyat tomonidan uni sudda qatnashish uchun chiqarishga ruxsat berilmagan.
Advokatlar Karimova sudda shaxsan ishtirok etishni istaganini, ammo bu imkoniyatdan mahrum qilinganini bildirgan. Sud bu holatni «ob’yektiv imkoniyatsizlik» deb baholab, ishni davom ettirish mumkin emas, degan xulosaga kelgan.
Sud yana bir muhim jihatga e’tibor qaratgan: 2028-yilga borib, ehtimol Karimova ozodlikka chiqsa,bu vaqtda Shveysariyadagi ayblovlar bo‘yicha da’vo muddati tugaydi. Demak, ishni davom ettirish huquqiy jihatdan ma’nosiz bo‘lib qoladi.
Karimovaning himoyachilari – Greguar Manja, Fanni Margayra va Romen Vavr – sud qarorini amalda oqlov hukmiga teng deb baholadi. Ularning fikricha, sud inson huquqlari buzilgan holatda ish yuritish mumkin emasligini tan olgan.
«Shveysariya qonunchiligiga ko‘ra, bu qaror oqlov hukmiga teng. Sud jarayonni davom ettirishga barqaror to‘siq borligini tan oldi», – deyiladi Advokatlar bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimovaga qarshi jinoyat ishi Shveysariyada 2012-yilda qo‘zg‘atilgan. Prokuratura uni jinoiy guruh tashkil etish, pul yuvish, pora olish va hujjatlarni soxtalashtirishda ayblagan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, Karimova «Ofis» deb atalgan tarmoqni boshqargan va xalqaro telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekiston bozoriga kirish uchun pora talab qilgan.
Bu ish bir necha yil davomida tergov bosqichida bo‘lib, faqat 2023-yil sentyabr oyida sudga oshirilgan edi.
Shveysariya sudi qarori bilan Karimovaga qarshi xalqaro darajadagi asosiy jinoyat ishlaridan biri yopildi. Biroq bu qaror ayblovlar mazmuniga emas, balki protsessual sabablarga — ya’ni sudda ishtirok etish imkoniyati bo‘lmaganiga asoslanadi.