Jamiyat
Shota Rustaveli ko‘chasida avtobuslar harakati boshlanadi
7 oktyabrdan boshlab Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida rekonstruksiya qilingan markaziy avtobus yo‘lagi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Foto: Transport vazirligi
Mazkur yo‘nalishda uchta avtobus yo‘nalishi: 38, 57 va 58-raqamli avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Jamoat transporti alohida ajratilgan bo‘lakda ustuvorlikka ega. Bekatlar markazda joylashgan.
Avtobus yo‘lovchilari va avtomobil haydovchilari uchun harakatlanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yo‘lovchilar uchun:
avtobuslar endi markaziy, ajratilgan yo‘lak bo‘ylab harakatlanadi;
yo‘lovchilar yo‘lning markaziy qismidagi maxsus platformalar orqali chiqib, tushadi;
platformalarga faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqali chiqiladi. Belgilanmagan joylardan o‘tish qat’iyan man etiladi;
avtobusni faqat old tomonidan aylanib o‘tish mumkin;
platformada yo‘lovchilar sariq xavfsizlik chizig‘i orqasida turishi va avtobus to‘xtagachgina eshikka yaqinlashishi kerak.
Haydovchilar uchun:
Shota Rustaveli ko‘chasidagi o‘rta yo‘lak faqat avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangan;
ushbu yo‘lakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi, to‘xtashi yoki yo‘lni kesib o‘tishi qat’iyan man etiladi;
avtobuslar markaziy yo‘lakda ustuvorlikka ega. Ruxsat etilgan joylarda avtobuslarga yo‘l berish kerak;
ko‘cha bo‘ylab har ikki yo‘nalishda chapga burilish va ortga qayrilib olish taqiqlanadi. Burilishga faqat belgilangan chorrahalarda ruxsat beriladi.