Iqtisodiyot
Shaxsga doir ayrim ma’lumotlarni O‘zbekistondan tashqarida saqlashga ruxsat berildi
“Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgarishlar bugundan e’tiboran kuchga kirdi. Endi shaxslarning biometrik va genetik ma’lumotlaridan tashqari, boshqa shaxsga doir ma’lumotlarni xorijda saqlash va ularga xorijda ishlov berish mumkin. Aynan qaysi davlatlar ekanini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
O‘zbekiston prezidenti 26 mart kuni imzolagan qonun bilan, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunning 271-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, shaxsga doir quyidagi ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart:
shaxslarning biometrik ma’lumotlari;
shaxslarning genetik ma’lumotlari;
O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari.
Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:
chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;
operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.
Shaxsga doir ma’lumotlar bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi chet davlatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bundan tashqari, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun talablari endi nafaqat davlat sirlariga nisbatan, balki “mudofaa va milliy xavfsizlik masalalariga taalluqli ma’lumotlar”ga nisbatan ham tatbiq etilmaydi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kun – 2026 yil 27 martdan e’tiboran kuchga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 271-moddasi – katta shov-shuvlar markazida qolib kelayotgan edi. Bu modda qonunga 2021 yilda qo‘shilgan bo‘lib, unga asosan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlarini jismonan O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlash talabi qo‘yib kelinayotgan edi.
Ayni shu talab 2021 yil 3 noyabr kuni O‘zbekistonda Telegram, YouTube, Instagram va Facebook kabi eng ommabop tarmoqlar bloklab qo‘yilgan, katta rezonansdan keyin blokirovka bir necha soat ichida bekor qilingan edi.
So‘nggi paytlarda bir qator yirik kompaniyalar O‘zbekiston rasmiylaridan bu moddaga o‘zgartirish kiritib, shaxsga doir axborotlarni bulutli texnologiyalarda saqlashga ruxsat berishni so‘rab kelayotgan edi. PayPal, Google Pay va Apple Pay kabi xalqaro to‘lov servislarining ham O‘zbekistonga kirib kelmayotganiga shu modda sababligi aytib kelinadi.