Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Putin bilan telefon orqali muloqot qildi
Bugun, 22-may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, turli darajalardagi samarali aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Parlamentlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar faol rivojlanmoqda.
Ta’kidlanishicha, tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, yil boshidan buyon 23 foizga oshdi. Sanoat, energetika, transport va boshqa muhim sohalarda, shu jumladan, mintaqalar darajasida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari bo‘lajak ikki hamda ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.