Sport
Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi ishtirokchilarini qutladi
Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida 26 noyabr kuni yoshlar o‘rtasidagi sport musobaqalari – Prezident Olimpiadasi boshlandi. Shavkat Mirziyoyev tadbirning ochilish marosimida ishtirok etib, qatnashchilarni qutladi.
«Mamlakatimizda birinchi marta o‘tkazilayotgan, butun yurtimiz yoshlarini Olimpiya harakatining ezgu g‘oyalari asosida birlashtirayotgan ushbu sport bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!», dedi davlat rahbari.
Prezident Parij Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, Jahon universiadasi, Bahraynda o‘tkazilgan Yoshlar o‘yinlari va Saudiya Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqalaridagi yutuqlarni sanab o‘tdi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi natijalarini, grossmeyster Javohir Sindorov g‘alabasini esladi.
«Endi eng iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish va ularni katta sportga yo‘naltirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim – Prezident Olimpiadasi o‘yinlarini boshlayapmiz. Musobaqaning tuman va viloyat bosqichlarida umumta’lim maktablaridagi sport to‘garaklari, xususiy sport klublari va 310 ta sport maktabidan 100 mingdan ortiq yoshlarimiz ishtirok etdi. Viloyat hokimlari o‘zlari bosh bo‘lib, joylarda eng yuqori natijaga erishgan 3 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimizni Prezident Olimpiadasiga olib keldi. Ular sportning 10 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro bellashuvlarni boshladi. G‘oliblar maxsus sovrinlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Eng asosiysi, ular terma jamoalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltiriladi. A’lo darajadagi tayyorgarlikni davom ettirish uchun ular Olimpiya va Paralimpiya markazlariga qabul qilinadi hamda har biriga stipendiya beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, bundan buyon har yili o‘tkaziladigan Prezident Olimpiadasi yangi iqtidorlarni kashf qilib, samarali seleksiya tizimiga aylanadi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uning ta’kidlashicha, kelgusi yildan boshlab suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy o‘yinlar bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazilib, Prezident Olimpiadasidagi sport turlari 20 taga yetkaziladi.
Davlat rahbari kelgusi yil 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 2027 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempionati hamda 2029 yilda Yoshlar Osiyo o‘yinlari O‘zbekistonda o‘tkazilishini yodga oldi.
«Prezident Olimpiadasi tizimi esa hech shubhasiz, bunday musobaqalarga javohir sportchilarni tanlab olishga, xususan, 2028 yilda Los-Anjyelesda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari uchun har bir hududdan litsenziyalar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi. Kelgusida ularning orasidan Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashidov, Diyora Keldiyorova, Akbar Jo‘rayev kabi jahon va Olimpiya chempionlari albatta yetishib chiqishiga ishonaman», dedi prezident.