Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Pashinyanni saylovdagi g‘alaba bilan tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga u rahbarlik qilayotgan «Fuqarolik shartnomasi» partiyasining parlament saylovidagi g‘alabasi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda Pashinyanning idorasi xabar bermoqda.
Davlat rahbari o‘z maktubida mazkur saylov natijalari arman xalqi tomonidan Pashinyan olib borayotgan ichki va tashqi siyosatga bo‘lgan yuksak ishonchning amaliy tasdig‘i ekanini ta’kidlagan.
«Saylov natijalari Armaniston xalqining mamlakatdagi islohotlar va Janubiy Kavkazda tinchlik hamda farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlaringizga bo‘lgan yuqori ishonchini yana bir bor namoyon etdi», – deyiladi tabrikda.
Prezident Mirziyoyev kelgusida ham ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha birgalikdagi ishlar davom ettirilishiga ishonch bildirgan.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari Nikol Pashinyanga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, Armaniston xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilagan.