Siyosat

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini tabrikladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 81 yillik bayrami bilan tabrikladi. 

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi urushda o‘sha davrda 6 million 800 ming kishidan iborat bo‘lgan respublikamiz aholisining 1 million 950 ming nafari ishtirok etgan.

Shundan yarim milliondan ziyod kishi jang maydonlarida halok bo‘lib, 158 mingdan ko‘prog‘i bedarak yo‘qolgan, 60 ming nafardan ortiq vatandoshimiz esa nogiron bo‘lib qaytgan. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu ayanchli raqamlar qalblarimizni hali ham iztirobga soladi.

Urush davrida 214 ming nafar o‘zbekistonlik askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan bo‘lsa, ularning 301 nafari eng oliy nishon – Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan, 70 nafar yurtdoshimiz esa uchala darajadagi «Slava» ordeni bilan mukofotlangan. 

Insonparvarlikni buyuk qadriyatga aylantirgan xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 1 million 500 mingdan ortiq insonga, jumladan, ota-onasi va oilasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar bolaga boshpana berib, ularga mehr-oqibat ko‘rsatdi.

Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xususan, urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘lom va mazmunli hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 30 million so‘m miqdorida pul mukofotlari berilganini ta’kidlash lozim. Urush qatnashchilari va nogironlari, mehnat faxriylarining salomatligini muhofaza qilish, ularni sanatoriylar, dam olish maskanlariga bepul va imtiyozli asosda yuborish bo‘yicha samarali tizim faoliyat ko‘rsatmoqda.

«Bugungi g‘oyat tahlikali zamonning o‘zi barchamizdan jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik muhitini yanada qadrlab yashashni talab etmoqda.

Hech qachon unutmaylik, milliy birlik va hamjihatlik – bizning bebaho boyligimiz, barcha yutuq va g‘alabalarimizning mustahkam asosidir.

Hozirgi murakkab davrda Vatanimiz mustaqilligini, xalqimiz osoyishtaligini asrash, iqtisodiy qudratimiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish, jahon hamjamiyati, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni zararli ta’sirlardan himoya qilish biz uchun hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolmoqda. Ishonchim komil, bu borada 81 yil oldin g‘alaba bayrog‘ini jahon uzra baland ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning, xalqimizning mardlik va matonat maktabi bizga madadkor kuch bo‘lib xizmat qiladi», deyiladi tabrikda. 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version