Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlariga tabrik yo‘lladi

Published

on


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlariga tabrik yo‘lladi. Bugun 15-aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni nishonlanmoqda. 

Keyingi yillarda yurtimizda 2 ta teatr, 19 ta madaniyat markazi, 16 ta muzey, 20 ta musiqa va san’at maktabi hamda ushbu yo‘nalishda 5 ta oliygoh tashkil etildi, ko‘plab muassasalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi, 125 ta tarixiy-madaniy meros ob’yektida ularni asrash va tiklash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan yili tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qildik. Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy muzeyi binosi qurilishi boshlandi.

Joriy yilda esa Markaziy ko‘rgazmalar zali, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondining binosi, Pavel Benkov nomidagi rassomlik maktabida qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

O‘zbekistonlik san’atkorlarning Yevropadagi nufuzli madaniyat maskanlaridagi chiqishlar xorijlik san’at muxlislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, Avstriyaning Zalsburg shahridagi Grosses Festspielhaus sahnasida O‘zbekiston Milliy baleti guruhi tomonidan «Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi» baleti namoyish etilganini ta’kidlash lozim.

Shu yil 9-aprelda yana bir yirik san’at maskani – Musikverein sahnasida Sohibqiron Amir Temurning 690 yillik tavallud sanasiga bag‘ishlangan musiqali opera asarining taqdimoti o‘tkazildi.

Milliy kino san’atimizni rivojlantirish, xususan,«Tirik tarix» turkumida g‘oyaviy va badiiy yuksak asarlar yaratish borasidagi ishlar dastlabki natijalarni bermoqda. O‘tgan yili davlat buyurtmasi asosida 123 ta kinofilm tayyorlanib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

O‘tgan yilning o‘zida sohada uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan 35 nafar xodim uy-joy bilan ta’minlandi. Madaniyat muassasalari xodimlari ish haqi o‘rtacha 35 foizga oshirildi. 

«Biz bundan buyon ham sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va texnik xodimlar mehnatini munosib qadrlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.Sizlarni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, yangi ijodiy yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman», deyiladi prezident tabrigida.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version