Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Davlatimiz rahbari avvalo keyingi yillarda viloyat iqtisodiyotida ro‘y bergan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Ilgari viloyat daromadining 70 foizi neft-kimyo va qurilish materiallari sohasidagi 6-7 ta yirik korxona hisobidan shakllanardi.
O‘tgan davrda viloyatda 8 milliard 200 million dollar investitsiya evaziga 8 mingta zamonaviy quvvatlar ishga tushdi, tadbirkorlik uchun 100 trillion so‘m resurs berildi, tijorat maydoni 10 million kvadratga ko‘paydi, 13,5 ming kichik va o‘rta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra o‘sdi.
Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga oshdi. Asosiysi, so‘nggi to‘rt yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambag‘allik darajasi 11,6 foizdan 5,2 foizga tushdi.
Mahalliy budjet bo‘yicha hokimlarga juda katta imkoniyat yaratilgani uchun bu yil birinchi chorakda har bir tumanda kamida 5-10 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldi.Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda.
Masalan, ilgari Marg‘ilonda bir xonadonda o‘rtacha 2-3 oila yashardi. Bir yilda Ipakchi va Qirguli mahallalarining o‘zida 241 ta eski hovlilar o‘rnida 2,5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Marg‘ilonning Navro‘z mahallasida barpo etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massiviga bu yil yana 6,5 ming oila ko‘chib kiradi.
Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida ham jadal ketmoqda.
So‘nggi o‘n yilda Farg‘onada 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha hamda 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, 167 ta xususiy maktab paydo bo‘ldi, ularda 40 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olyapti.
Ta’lim sifati keskin oshgani uchun yoshlarning oliygohga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha viloyat respublikada 3-o‘ringa ko‘tarildi.
Tibbiyotda ham o‘zgarishlar katta. Birgina Beshariq tumanida o‘n yil oldin atigi 2 ta xususiy klinika bo‘lgan bo‘lsa, hozir 50 taga yetdi.