Siyosat
Shavkat Mirziyoyev: dunyo oldingidek «sokin» bo‘lmaydi
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev jahondagi geosiyosiy vaziyat tobora keskinlashayotganini ta’kidlab, rahbarlarni hushyorlikka chaqirdi.
Davlat rahbariga ko‘ra, «Birinchi chorak ko‘rsatkichi yaxshi bo‘ldi, yil oxirigacha ham shunday davom etadi», degan qarash xato bo‘ladi. U global ziddiyatlar va yetakchilik uchun kurash kuchayib borayotganini qayd etdi.
«Takror aytyapman: global ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, yetakchilik uchun kurash avj olayotgan hozirgi sharoitda dunyo oldingidek ’sokin’ bo‘lmaydi», – dedi Prezident.
Yig‘ilishda iqtisodiy faollik va bandlik masalalari ham tahlil qilindi. Jumladan, 2026 yilda banklar orqali kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m ajratilayotgani ma’lum qilindi.
Ayrim hududlarda bu mablag‘lar samarali ishlayotgani qayd etildi. Masalan, Shirin shahrida har 1 milliard so‘m kredit hisobiga 20 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, Uchquduqda 17 ta, Xonobod va So‘xda 14 tadan ish o‘rni tashkil etilgan.
Biroq Uchko‘prik, Piskent, Bo‘stonliq, Karmana va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida bu ko‘rsatkich atigi 3 ta ish o‘rnini tashkil etmoqda.
Prezident samaradorlikdagi farqlarni tanqid qilib, resurslar to‘g‘ri yo‘naltirilmayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar barcha hududlarda kreditlar samarali loyihalarga yo‘naltirilganida, qo‘shimcha 36 ming ish o‘rni yaratish mumkin edi.
Shuningdek, 60 mingga yaqin norasmiy ishlayotgan aholini rasmiy sektorga chiqarish imkoniyati borligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan bank tizimida sun’iy intellektdan faol foydalanish vazifasi qo‘yildi. Hududiy bank xodimlarini ushbu texnologiyaga o‘qitish va «Sun’iy intellekt maslahatchisi» platformasini ishga tushirish topshirildi.