Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumining ochilishida ishtirok etdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi shafeligida Boku shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kongress-markazida Shavkat Mirziyoyevni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax qutladilar. Ishtirokchilarning birgalikda suratga tushish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, bu galgi forumning mavzusi – «Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar». Unda davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish institutlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Ushbu forum kun tartibidan shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan ta’minlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash, ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda uy-joyni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari o‘rin olgan.
O‘zbekiston Prezidenti forum doirasidagi Yetakchilar sammitida nutq so‘zlaydi.