Jamiyat
“shashka”, drift va poyga videolariga qarshi choralar kuchaytiriladi
Toshkentda yo‘l harakati qoidalarini buzishni targ‘ib qiluvchi – “shashka”, drift va noqonuniy ko‘cha poygalari aks etgan videomateriallarga qarshi choralar kuchaytiriladi. Bu kabi kontentni tarqatayotgan shaxslarni aniqlash va qo‘pol qoidabuzarliklarni “piar” qilgan akkauntlarni bloklash masalasi belgilandi.
Foto: Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti
Mazkur yo‘nalishda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i, general-mayor Rustam Jo‘rayev raisligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar IIV JXD YHXX hamda poytaxt IIBB YHXB rahbariyati, YPX brigada va batalon qo‘mondonlari, sohaviy bo‘linmalar boshliqlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va YouTube videoxostingida yo‘l harakati qoidalarini buzishni targ‘ib qiluvchi videomateriallar tarqatilayotgani ta’kidlandi. Xususan, xavfli haydovchilik, noqonuniy ko‘cha poygalari, drift va “shashka” kabi harakatlar aks etgan videolar qayd etildi.
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida internet tarmog‘ini doimiy monitoring qilish, bunday videolarni joylashtirayotgan shaxslarni aniqlash, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish, shuningdek qo‘pol qoidabuzarliklarni “piar” qilib namoyish etgan akkauntlarni bloklash belgilandi.
Shuningdek, departament rahbari avariyalar sonini kamaytirish, og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, statsionar va mobil postlar faoliyati samaradorligini oshirish hamda blogerlar va qo‘pol qoidabuzar haydovchilar bilan profilaktik ishlarni faollashtirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Tungi reyd tadbirlarini kuchaytirish, yo‘l bezoriligi uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash, xizmat intizomini mustahkamlash va xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 26 fevral kuni boshlangan operativ-profilaktik reyd tadbirlari doirasida 3 mart kuniga qadar internet platformalari o‘rganilib, yo‘l bezoriligi aks etgan 107 ta videolavha aniqlangan. Ular asosida 66 nafar haydovchiga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilgan, 62 ta avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.
Shuningdek, YPX va PPX xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq 23 ta holat, o‘tkir jismlarni olib yurishga doir 262 ta holat aniqlangani bildirildi.
Reydlar davomida jami 5 919 ta qo‘pol qoidabuzarlik qayd etilgan. Asosiy qoidabuzarlik turlari orasida: poyga — 4 ta, bo‘ysunmaslik — 70 ta, tonirovka — 116 ta, noqonuniy sirena va mayoqchalar — 61 ta, davlat raqamisiz boshqarish — 34 ta. Huquqbuzarlar orasida 54 nafar voyaga yetmagan shaxs ham aniqlangan.
Reyd tadbirlari respublika bo‘ylab davom etmoqda.