Mahalliy
Sersavol kichkintoyga qanday javob berasiz?
Bolalar kichikligida juda ko‘p savollar beradi. Ba’zida savollari shu qadar murakkab bo‘ladiki, aksariyat ota-onalar javob bera olmaydilar yoki qisqa, mazmunsiz javob bilan qutilib qo‘ya qoladilar. Mana shunaqa payt bolalar kitoblari yordamga keladi.
Bolalar beradigan qiziq savollarni qarang:
Podshoh qanday paydo bo‘ladi, men ham istasam podshoh bo‘la olamanmi?
Nega kimdur avtobusda yuradi, kimdur mashina haydaydi?
Nega ko‘l balchiq emas?
Kim xaritada mamlakatlarni bo‘lib chiqqan?
Nega biz o‘zbekmiz?
Siz kichkina bo‘lganingizda men qayerda edim?
Nega daraxtlarning oyog‘i (ildizi) bo‘lsa-da bir joyda turaveradi?
Nega dinozavrlar hozir yo‘q?
So‘zlarni kim o‘ylab topgan?
Bir qarashda bolaning bunday savollariga javob bersa bo‘ladi, ya’ni shunchaki, lekin bu chindan yaxshi, savodli, qiziq va haqiqiy javob hisoblanadimi?
Bolalar kitobini izlayotganimda, yozayotganimda kichkintoyning mana shu kabi savollaridan bittasiga javob bera olishini istayman. Shunda ota-ona uchun ham, bola uchun ham foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Kitob ota-ona va bola orasidagi suhbatga sababchi bo‘lishi kerak. Bu yerda eng muhimi, suhbat ota-onaga muhim emas, balki bolani qiziqtiradigan mavzuda bo‘lishi kerak.
Shuning uchun “yomon bo‘lsang, jazosini olasan” mavzudagi kitoblarni yoqtirmayman. Chunki bola yomon bo‘lish niyatida xato qilmaydi yoki qiziqishlari yomonlik ustiga qurilgan bo‘lmaydi, bu ota-onaning dardi. Bola faqat va faqat dunyoni, odamlarni, o‘zini bilishga qiziqadi. Shu yo‘lda savollari va qiziqishlari cheksiz bo‘ladi. Kattalar farzandlarining shunday savollariga to‘g‘ri javob berishsa, bola uchun nafaqat manfaatli, ular nima yaxshi yoki yomon ekanligini anglaydi.
Sizning ham farzandingiz qiziq, noodatiy yoki g‘alati savollar berganmi? Shunday paytda siz qanday yo‘l tutasiz?
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi