Siyosat
Senat 2026 yilgi davlat byudjetini tasdiqladi
Senatorlarning ta’kidlashicha, mahalliy majlis va Senat qo‘mitasi yig‘ilishlarida byudjet mablag‘larini taqsimlash masalalari atroflicha muhokama qilingan. Davlat byudjeti xarajatlarining 55 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Foto: Senator Oliy Majlis
Oliy Majlis Senatining 12-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining 2026-yilgi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ma’qullandi.
Senat Matbuot xizmati qonun loyihasi jamoatchilik va tegishli muassasalar ishtirokida, jumladan, mahalliy majlislar va Senat qo‘mitasi yig‘ilishlarida atroflicha ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Bu jarayonda byudjet mablag‘larini taqsimlashning qonuniyligi va samaradorligi hamda ustuvor yo‘nalishlar atroflicha tahlil qilindi.
Senatorlar 2026-yilgi Davlat byudjetida aholi turmush darajasini oshirish, aholi farovonligini mustahkamlash, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sifatli ta’limni ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilanganini alohida ta’kidladilar.
Xususan, davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi (220 trillion so‘m) ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Shundan taʼlimga 100 trillion soʻmi, sogʻliqni saqlashga 49 trillion soʻmi yoʻnaltirilib, joriy yilga nisbatan 11,4 foizga oshgan.
Qonunga ko‘ra, 2026 yilda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Respublika byudjetining xarajatlari 402,6 trillion so‘m, daromadlari esa 368,9 trillion so‘m miqdorida belgilandi. Milliy maqsadli jamg‘armaning daromadlari 78,6 trillion so‘mni, xarajatlari esa 74,4 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Konsolidatsiyalangan byudjet daromadlari 515,8 trillion so‘m, xarajatlari 567,6 trillion so‘m bo‘lishi, byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi kutilmoqda.
Muhokama chog‘ida senatorlar asosiy e’tiborni byudjet daromadlarini oshirish, mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash, belgilangan makroiqtisodiy vazifalarni izchil amalga oshirishga qaratdilar. Shuningdek, ijtimoiy masalalarni hal etish, mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, Milliy dasturda belgilangan asosiy chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Munozara yakunida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining 2026-yilgi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladilar.