Jamiyat
Saudiyadagi deportatsiya markazida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari vatanga olib kelindi
Mamlakat Bosh konsulxonasi, O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Uzbekistan Airways AJ hamkorligida Saudiya Arabistonining Makka shahridagi “Ash-Shumaisiy” deportatsiya markazida bo‘lib turgan Z.Sh. va uning farzandlari qaytarildi.
Bosh konsulxona xodimlari Saudiya Arabistonidagi “Ash-Shumaisiy” deportatsiya markazi direktori Abdulatif as-Samaliy bilan ushbu oilani O‘zbekistonga yuborish bo‘yicha bir necha bor muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar natijasida vatandoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Bosh konsulxona va Uzbekistan Airways AJ tomonidan Z.Sh. va uning farzandlariga mamlakatimiz ziyoratchilari uchun ajratilgan “Jidda-Toshkent” yo‘nalishidagi charter reysiga aviachipta sotib olib berildi. Mazkur oila 24 avgust kuni O‘zbekistonga yetib oldi.
Ushbu jarayon mamlakatda 30 iyuldan 30 avgustgacha e’lon qilingan “Vatanga qaytarish” insonparvarlik aksiyasi hamda O‘zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasi tomonidan Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yurtdoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilishga bo‘lgan mas’uliyatli yondashuvning natijasi bo‘ldi.