Jamiyat
Saudiyada mushkul ahvolda qolgan bir guruh ziyoratchilar O‘zbekistonga qaytarildi
Mamlakat Bosh konsulxonasi ko‘magida Saudiya Arabistoniga Umra amallarini bajarish uchun borgan va mushkul ahvolda qolgan vatandoshlar O‘zbekistonga qaytarildi.
Bosh konsulxonadan olingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi D.I. ariza bilan murojaat qilib, sayyohlik firmalaridan biri tomonidan Umra amallarini bajarish uchun kelgan 50 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchilar Makkada vatanga qaytish uchun aviachiptalarsiz qolib ketgani bois, ularni O‘zbekistonga qaytarib yuborish masalasida amaliy yordam so‘ragan.
Ta’kidlanishicha, taqdim etilgan aviachiptaga binoan, ziyoratchilar joriy yil 15 centyabr kuni Umra ibodatlarini yakunlab, Centrum Air aviakompaniyasining “Jidda – Toshkent” yo‘nalishidagi samolyoti bilan vatanga qaytishi kerak bo‘lgan.
Biroq, sayyohlik firmasi tomonidan ziyoratchilarning vatanga qaytib ketmaslik sababi tushuntirilmagan, faqat yaqin kunlarda O‘zbekistonga qaytib ketishi mumkinligi aytilgan. Ziyoratchilarning aksariyati yoshi keksalar va ayollar bo‘lgani tufayli ular vahimaga tushib qolgan.
Bosh konsulxona vakillari sayyohlik kompaniyasi mas’ul xodimi bilan bog‘lanib, ziyoratchilarni xavfsiz va tez fursatlarda O‘zbekistonga qaytarish masalasini muhokama qildi.
Firma vakillariga ko‘ra, aviachiptalarga mas’ul hamkorlar bilan yuzaga kelgan ba’zi muammolar bois, ziyoratchilarga oldindan rejalashtirilgan yo‘nalishga aviachiptalarni o‘z vaqtida sotib olishning imkoni bo‘lmagan.
Vaziyat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olindi va firmaga ziyoratchilarni mehmonxona bilan ta’minlash hamda aviachiptalar xarid qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Barcha fuqarolar vaqtincha Makka shahridagi Samaa Al-Misk Hotel mehmonxonasiga joylashtirildi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida sayyohlik firmasi tomonidan ziyoratchilar uchun aviachiptalar xarid qilindi. Ziyoratchilar 17 sentabr kuni Fly Khiva aviakompaniyasining “Madina – Toshkent” yo‘nalishidagi samolyoti bilan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.