Sport
Saudiya Arabistonida zamonaviy texnologiyalar asosidagi ulkan stadion qurilmoqda
Stadion suriluvchi tom va maydonga ega bo‘ladi. Uning bir tomoni ulkan suriluvchi LED devordan iborat bo‘lib, devorda jonli translatsiyalar, filmlar va lazer shou namoyish etiladi. 45000 tomoshabinga mo‘ljallangan arena “Al Hilol” va “Al Nassr” klublari uchun uy maydoni bo‘lishi kutilmoqda.
Saudiya Arabistonida qurilayotgan shahzoda Muhammad bin Salmon nomidagi ko‘p funksiyali stadionning yangi suratlari e’lon qilindi. U 2034 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish uchun ehtimoliy arenalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Qurilish ishlari Ar-Riyod shahri g‘arbidagi Qiddiya ko‘ngilochar hududida olib borilmoqda.
Foto: SaudiProject
Stadion suriluvchi tom va maydonga ega bo‘ladi, uning bir tomoni ulkan suriluvchi LED devordan iborat bo‘lib, devorda jonli translatsiyalar, filmlar va lazer shou namoyish etiladi. Devor ochilganida, maydon atrofidagi tribunalar va Tuvayk qoyasi manzarasi namoyon bo‘ladi. Bu dunyodagi birinchi to‘liq integratsiyalashgan majmua bo‘lib, stadionni bir necha soat ichida turli tadbirlar uchun moslashtirish imkonini beradi.
Geometrik shakldagi binolarning tashqi qismi raqamli ekranlar bilan qoplanadi va ular qoyadan o‘sib chiqqandek ko‘rinadi.
Foto: SaudiProject
Stadion atrofida sport va ko‘ngilochar hududlarga ega bo‘lgan baland binolar quriladi. Ular ichki ko‘chalar orqali bog‘lanadi va bu ko‘chalar ham LED ekranlar bilan qoplanadi. Ushbu yo‘laklar tashrif buyuruvchilarni qoya chetidagi kuzatuv maydonchalariga olib boradi.
Loyihasi Populous arxitektura byurosi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu arena 45000 tomoshabinga mo‘ljallangan.
Foto: SaudiProject
Stadion Saudiya Arabistoni professional ligasining “Al Hilol” va “Al Nassr” klublari uchun uy maydoni bo‘ladi. Shu bilan birga, bu yerda boks, kibersport, konsertlar va teatr tomoshalari kabi turli sport va madaniy tadbirlar ham o‘tkaziladi.