Jamiyat

Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston: hamkorlik yildan-yilga rivojlanib bormoqda

Published

on


Kecha, 23-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan mamlakat Milliy kuni munosabati bilan qabul marosimi o‘tkazildi. Tadbirda davlat va jamoat arboblari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jumladan, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ham ishtirok etdi. 

Dastlab ikki davlat madhiyalari yangradi. Marosimda Saudiya Arabistoni Podshohligining respublikamizdagi favqulodda va muxtor elchisi Saad bin Nosir bin Abdulloh Abu Haymed mamlakatda o‘tgan yillarda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar xususida so‘z yuritdi, shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga ham to‘xtalib, yildan-yilga bu hamkorlik rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi va iqtisodiyotning ko‘plab strategik sohalarini qamrab olmoqda. Saudiya Arabistoni tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 2,8 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Saudiya kapitali ishtirokida 433 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal o‘sib, yillik 178 million dollarni tashkil etmoqda.

Hamkorlikning eng yirik va strategik sohasi energetika hisoblanadi. Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonning turli hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, “yashil” vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati milliardlab dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Ikki davlat sog‘liqni saqlash tizimini raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirish, tibbiyotga innovatsion yechimlarni joriy etish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanish borasida faol ish olib bormoqda. Shuningdek, shifokorlar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar mavjud. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Saudiya Arabistonining Podshoh Saud universiteti o‘rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version