Iqtisodiyot
Sanoat o‘sishida qaysi tarmoqlar yetakchilik qilmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekiston sanoatida ishlab chiqarish hajmi o‘sishda davom etdi. Bu davrda sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush ishlab chiqarish sanoati hissasiga to‘g‘ri keldi.
Qayd etilishicha, ishlab chiqarish sanoati hajmi 338,5 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,5 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich mamlakat sanoatidagi asosiy drayver aynan qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish sohalari bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash sohasida ham ijobiy dinamika saqlanib qoldi. Tarmoq hajmi 27,5 trillion so‘mga yetgan va yillik o‘sish 6,4 foizni tashkil qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sohasida ishlab chiqarish hajmi 26,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Mazkur yo‘nalishdagi o‘sish sur’ati 3,3 foiz bo‘lgan.
Suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash sohasida esa 2,1 trillion so‘mlik xizmat va mahsulotlar ishlab chiqarildi. Bu tarmoqda ham 6,4 foizlik o‘sish qayd etildi.